Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichidagi sakkiz turdan yettitasi o‘tib bo‘ldi. Klublar guruh bosqichida yana bittadan o‘yin o‘tkazishi kerak. Yakuniy o‘yin kunidagi barcha uchrashuvlar bir vaqtga, 28 yanvarga belgilangan.

So‘nggi tur arafasida intriga – yetarlicha. Quyida shu haqda.

Reglament

O‘tgan mavsumdan Chempionlar ligasi formati yangilangandi:

  • 1/8 finalga umumiy guruh bosqichidan faqat sakkiz jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi;
  • 9-24-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-offning qo‘shimcha raundiga – o‘tish o‘yinlariga o‘tadi;
  • umumiy guruhda egallangan o‘rinlar jamoalarning pley-offda saralanishiga ta’sir ko‘rsatadi. O‘tish bosqichida 9 va 10-o‘rinlar bilan chiqqan jamoalar 23 va 24-o‘rinlarni egallagan jamoalarga qarshi, 11-12 – 21-22 bilan, 13-14 – 19-20 bilan, 15-16 – 17-18 bilan o‘ynaydi;
  • o‘tish raundida jamoalar ikkitadan o‘yin o‘tkazadi – uyda va safarda. Saralangan klublar (9 dan 16-o‘ringacha) javob bahslarini o‘z maydonida o‘tkazadi;
  • o‘tish o‘yinlarida bir mamlakat vakillari to‘qnash kelishiga cheklov yo‘q;
  • o‘tish o‘yinlari va 1/8 finaldan oldin qur’a o‘tkaziladi;
  • top-24 ga kira olmagan jamoalar yevrokuboklarni tark etadi.

Ochkolar teng kelib qolganda kim yuqorida bo‘ladi?

Agar ikki (va undan ortiq) klublar bir xilda ochko to‘plasa, ularning pozitsiyalari quyidagi ko‘rsatkichlarga qarab belgilanadi:

  • To‘plar nisbati
  • Urilgan gollar soni
  • Safardagi gollar soni
  • G‘alabalar soni
  • Safardagi g‘alabalar soni
  • Raqiblar ishlagan ochkolar soni*
  • Raqiblarning to‘plar nisbati*
  • Raqiblar urgan gollar soni*
  • Intizomiy ballar (sariq va qizil kartochkalar)
  • Klub koeffitsiyenti

* Jamoalarning guruh bosqichidagi barcha sakkiz raqibining ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Kimning raqiblari yaxshiroq ishtirok etgan (ko‘proq ochko ishlagan, to‘plar nisbati yaxshiroq va hokazo) bo‘lsa, o‘sha klub turnir jadvalida yuqoriroq joylashadi.