12:45 / 27.04.2021
9683
Sifatsiz benzin sababli motori ishdan chiqqani aytilgan «Malibu 2» yuzasidan munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Malibu 2» avtomashinasi motori sifatsiz benzin quyilgani sabab ishdan chiqqani to‘g‘risida video tarqaldi.

Energetika vazirligi sifatsiz benzin quyilishi natijasida motori ishdan chiqqani aytilayotgan «Malibu 2» avtomobili yuzasidan munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, mazkur masala bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgan va dvigatel nosozligiga benzin sifati bog‘liq bo‘lmasligi aniqlangan.

«Joriy yil 22 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan videolavhada «Malibu 2» rusumli avtomashinaning motor dvigateli ishdan chiqqanligi va golovka silindr qismi qora moy bo‘lib ketganligi, bunga sabab qilib avtobenzin sifatsizligi ko‘rsatilgan.

Ushbu lavha bo‘yicha mutaxassislar bilan olib borilgan suhbatlar davomida, avtobenzin motor qismiga kelib yonish jarayoniga qadar bir necha filtrlardan o‘tishi sababli, ushbu nosozlik avtobenzin sifatiga bog‘liq bo‘lmasligi ta'kidlandi», deyiladi munosabatda. 

Ma'lum qilinishicha, vazirlik tomonidan iste'molchilarni yuqori sifatli neft mahsulotlari bilan ta'minlash bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatilgan.

Xususan, 2021 yilning o‘tgan davrida 22 ming 668 tonna neft mahsulotlaridan namunalar olingan va sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Natijada shundan 745 tonna mahsulot  sifatsiz deb topilgan.

Shu bilan birga, import asosida olib kelingan 44 ming 855 tonna neft mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinganida, mahsulotlar sifatli deb topilib, tegishli xulosalar berilgan.

«Import asosida kirib kelayotgan mahsulotlar halqaro standartlarga muvofiq bo‘lib, bundan tashqari davlat chegaralaridan olib kirishda akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar xulosalari taqdim etilishi talab etiladi. Import avtobenzinlari sifati buzilish holatlari ba'zi nopok tadbirkorlar tomonidan respublika hududida amalga oshirilmoqda. Bu esa import mahsulot deyilmaydi», deya yozadi vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tekshirish va o‘rganishlar davomida sifatsiz avtobenzin yonilg‘isi aniqlangan hollarda hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirib kelingan.

Avvalroq, «O‘zbekneftgaz» neft bazasi va ayrim xususiy AYoQShlarda aholiga sotilayotgan avtobenzin va dizel yonilg‘ilarining sifatini o‘rgangani, natijada sifatsiz benzin xorijda ishlab chiqarilganini ma'lum qilgandi. Kompaniya ishlab chiqarilayotgan avtobenzin va dizel yonilg‘ilarining sifat ko‘rsatkichlari amaldagi davlat andozalari talablariga mos ekanini bildirgan.

Top