Jamiyat | 15:57 / 30.04.2021
27990
6 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqdagi kiyikchilik fermasi elektr uzilishi sabab uch kunda 6800 yevro yo‘qotdi. Qanday qilib?

Tadbirkor elektr ta'minotidagi uzilish sabab 6800 yevro yo‘qotdi: u kiyiklarni emlash uchun shuncha narxga xorijdan olib kelgan vaksinalar yaroqsiz holga kelib qoldi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, 98 gektar hududda yuzdan ortiq kiyik va bug‘ular boqilmoqda.

«Corrida Food» oilaviy korxonasi Avstriya va Sloveniyadan kiyiklar olib kelib, ferma tashkil etgani haqida Kun.uz 2020 yil kuzida maqola e'lon qilgan edi:

Markaziy Osiyodagi yagona kiyikchilik fermasi haqida yuqoridagi havola orqali batafsil ma'lumot olishingiz mumkin. Bugun esa biz ushbu tadbirkor duch kelgan muammo haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Bizga murojaat qilgan korxona ish yurituvchisi Bahodir Xudoyberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, kiyiklar kuz va bahorda maxsus vaksina bilan emlab turiladi. U shu maqsadda 112ta kiyikka yetadigan vaksinani 6800 yevroga sotib olishganini aytdi.

«Bu kiyiklar yoshligidan shu vaksina bilan emlab kelingan. Biz kiyiklarni 2-4 yoshligida olib kelganmiz, bungacha ular har yili 2 marta xuddi shu vaksinani olib turishgan.

Vaksina o‘zgarmas va past haroratda, muzlatkichda saqlanishi kerak. Biz uni juma kuni xorijdan olib keltirgan bo‘lsak, elektr uzilishlari bo‘lgani sabab shu kunning o‘ziga rejalashtirgan emlashni amalga oshira olmadik.

Generatorimizni ishlatib turdik, lekin afsuski, keyingi kunlar – shanba va yakshanbada ham bu uzilishlar barham topmadi. Shu sababli vaksina yaroqsiz holga kelib qoldi.

6800 yevroga sotib olingan vaksinani tashlab yubormaslik uchun, yomon bo‘lib qolganiga qaramay, mutaxassislar bilan gaplashib, bir erkak va bir urg‘ochi kiyikda sinab ko‘rdik. Lekin bu ularga ancha yomon ta'sir qildi, uch kun deganda oyoqqa qo‘yib oldik.

Endi 112ta kiyik uchun boshqatdan vaksina sotib olishga majburmiz», – deydi Bahodir Xudoyberdiyev.

Holat yuzasidan Bo‘stonliq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Qurbonali Siddiqov bilan telefon orqali bog‘landik.

«Biz ularning tokini o‘chirmaganmiz, avariyaviy o‘chish bo‘lgan. Sababi, bu hududda odamlar dam olish kunlari kelib, varrak uchiradi. Varraklar elektr simlariga o‘ralib qoladi, o‘ralib qolgan varrakni tortishganida simlar bir-biriga tegib, tutashuv bo‘ladi va shu liniyaga tegishli podstansiya o‘chib qoladi. Avariyaviy o‘chishning sababi shu.

Aynan dam oluvchilar keladigan shanba-yakshanba kunlari shunday bo‘ladi. Borib, varrakni olib tashlab, elektr ta'minotini tiklaymiz. Simga o‘ralib qolgan varrakni xodimlarimiz olib tashlayotganini videoga ham olib qo‘yganmiz.

Qolaversa, bizning liniyamiz 6 km bo‘lsa, unga ulangan ularning alohida o‘z liniyasi bor, ya'ni abonent liniyasi. Bizning liniyamizda tutashuv bo‘lsa, bartaraf qilamiz, lekin agar ularning liniyasida muammo bo‘lsa, biz uni ajratib qo‘yamiz.

Ularning HETK bilan shartnomasi yo‘q. Liniyasini ta'mirlashimiz uchun biz bilan shartnoma qilib, hisobimizga pul tushirib bersa, xodimlarimiz borib ta'mirlab beradi. Ularning shaxsiy transformatori bor, lekin uning hujjati to‘liq emas. Hujjatlari chala qilingan: transformatorning raqami yo‘q, nadzordan ruxsat olinmagan, tegishli buyrug‘i chiqmagan. Transformator noqonuniy ulangan.

Hujjatini to‘g‘irlash uchun bizga murojaat qilmagan. Hujjatlarini qachondir qaysidir firmaga qildirib, oxiriga yetkazmagan. 2018 yilda qurilish davriga deb 1 oyga ruxsatnoma bilan elektrni yoqtirib olib, shu bilan transformatorni o‘chirmagan. Qurilish davriga deb, 1 oyga ruxsat olgan», – dedi Bo‘stonliq HETK rahbari.

O‘z navbatida, «Corrida Food» ish yurituvchisi Bahodir Xudoyberdiyev korxonaning elektr ta'minoti bilan bog‘liq barcha hujjatlari joyida ekani, aksincha, HETKdagilar bu hujjatlarni topa olmayotganini aytdi.

«2018 yilda loyiha qilganmiz, ruxsatnomalar olganmiz, «tex-usloviya» rasmiylashtirganmiz, yakunda shartnoma ham qilganmiz. Bularning hammasi ikkitadan nusxada qilingan, nusxalardan biri HETKda qolgan. Lekin hozir bular mendan so‘rashyapti: «Hujjatlarni bering, nusxa qilib olaylik», deb.

Hatto transformator punktimizning raqamini ham bilishmaydi. O‘zlari o‘rnatib, shartnoma qilib ketishgan, lekin raqamini bilishmaydi», – deydi u.

Tadbirkor hamma hujjatlari joyida ekanini takrorlar ekan, oyma oy barcha to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab borilishini qo‘shimcha qildi.

Maqolamiz so‘ngida, garchi bo‘lar ish bo‘lgan, tadbirkor bir necha ming dollarga zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, holat takrorlanmasligi uchun yuqori turuvchi mutasaddilarni muammoga e'tibor qaratishga chorlab qolgan bo‘lar edik.

Xususan, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ masalani o‘rganib, tadbirkorning muammosini hal etishga ko‘maklashishi maqsadga muvofiq, nazarimizda.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Doniyor Yakubov.

Mavzuga oid