09:53 / 03.05.2021
5951
Sirdaryoda «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisini qora rangga bo‘yab ketgan shaxs 15 sutkaga qamaldi

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisini qora rangga bo‘yab qo‘yib, so‘ng uni Instagram sahifasiga joylagan fuqaro 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 23 yoshli yigit Guliston shahri ko‘chalaridan birida o‘rnatilgan «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisini bo‘yab qo‘ygan. So‘ng uni «Gulistonliklar «to‘xtash mumkin emas» yo‘l belgisiga qarshi shunday kurashmoqda» degan izoh bilan o‘zining Instagram sahifasiga joylagan. Viloyat IIB tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Qayd etilishicha, mazkur ma'muriy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida ko‘rib chiqilib, huquqbuzar shaxsga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga asosan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Top