10:04 / 07.05.2021
88705
Prezident maslahatchisi Rustam Qosimov vafot etdi

O‘zbekiston prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Rustam Qosimov olamdan o‘tdi. Bu ma'lumotni Kun.uz manbalari tasdiqladi.

Rustam Qosimov so‘nggi bir oy davomida sog‘ligidagi muammolar tufayli ta'tilga chiqib, shifoxonada og‘ir kasallikdan davolanayotgandi.

Rustam Sobirovich Qosimov 1956 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

U 2001-2004 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari, 2004-2008 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri - 2004-2009 yillarda bosh vazirning fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 2009-2011 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida ishlagan, 2011 yilda lavozimni tark etib, pensiyaga chiqqan.

U 2016 yil sentyabrida yana bosh vazir o‘rinbosari, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri lavozimini egallagan.

2017 yil iyunida O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari – Tashkiliy-kadr xizmati rahbari – O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimiga tayinlangan (shu kungacha akademiya rektori edi), 2017 yil noyabr oyi oxirida esa O‘zbekiston prezidentining Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlangan. 2018 yilda prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlagan. U 2019 yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham rektorlik qilib kelayotgandi.

Bundan oldinroq Rustam Qosimov og‘ir kasallik tufayli ta'tilga chiqqani va uning o‘rniga Shoazim Minovarov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifasini bajara boshlagani haqida xabarlar tarqalgandi.

Top