11:15 / 12.05.2021
28870
«Bu – xalqning puli, har bir so‘mi uchun javob berasizlar» – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.

“1 iyulga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan 43 ta yirik tarmoq hamda 2,5 mingta hududiy loyihalar bo‘yicha haftalik nazorat tizimi joriy etilsin. Viloyat hokimlari muddatida ishga tushmaslik xavfi mavjud bo‘lgan 20 dan ortiq yirik loyiha bilan shaxsan o‘zlari shug‘ullanishlari shart va zarur.

Bunday loyihalar Navoiyda – 5 ta, Buxoro va Toshkent viloyatlarida – 4 tadan, Andijon va Namanganda – 3 tadan, Qoraqalpog‘istonda – 2 ta, Sirdaryo va Farg‘onada 1 tadan. 

Ochilboy Ramatov viloyat hokimlari bilan birga, markazlashgan investitsiyalar hisobidan may-iyun oylarida 4,5 trillion so‘mlik ishlarni amalga oshirishga shaxsan mas'ul va javobgar.

Birinchi chorakda markazlashgan investitsiyalar bo‘yicha rejaga nisbatan 2,7 trillion so‘mlik (56 foiz) ishlar kam bajarilgan. 175 ta uy-joylar massivining (1 mingta ko‘p qavatli uy) bor-yo‘g‘i 36 tasi bo‘yicha pudratchilar aniqlangan.

Bunda, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Xorazmda obektlar qurilish reytingi bo‘yicha mos kelmaydigan quruvchi tashkilotlariga berilgan. Bitta reytingga kirmagan tashkilot kirsa, demak unga hokimlar sherik degani, korrupsiya bor degani. Kim sizlarning kabinetlaringga kirib, nimalar taklif qilyapti?! Bu - xalqning puli, har bir so‘mi uchun javob berasizlar!

Oldin paxtani qo‘shib yozish bor edi, undan qutuldik desak, sanoatda qo‘shib yozishni o‘rganyapsizlarmi?!

Ramatov, Zokirov viloyat hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda 139 ta turar joy massivlari bo‘yicha tenderlarni yakunlab, qurilish ishlarini boshlasin.

Birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 milliard dollarga yetkazishni ta'minlash lozim. Bunda yanvar-aprel oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha bajarilmagan 169 million dollar o‘rni ikkinchi chorakda to‘liq qoplanishi kerak. 

Jumladan, Farg‘ona – 50 million dollar, Andijon – 29 million dollar, Toshkent viloyati – 22 million dollar, Namangan – 17 million dollar, Samarqand – 11 million dollar”, deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top