Davronbek Turdiyev – jismoniy tarbiya o‘qituvchisidan Rossiya rekordchisiga aylangan yigit bilan suhbat
29 yoshli Davronbek Turdiyev Namangan viloyati, Pop tumanida tavallud topgan. 49-maktabda tahsil olgan. 2015 yilda Namangan davlat universitetini bitirgan. Hozirda O‘zbekiston mnemosport federatsiyasi prezidenti, «Genius» o‘quv markazi hamda «Supermiya» miyani rivojlantirish bo‘yicha trening asoschisi.
Davronbek Turdiyev suhbat davomida miyaning biz bilmagan, aqlbovar qilmas imkoniyatlari, qanday qilib kuchli xotira egasi bo‘lish mumkinligi hamda yoshlar uchun kimlar namuna bo‘la olishlari haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Mnemonika bo‘yicha jahon chempionatiga borishga xohish qachon boshlangan?
Internetda o‘tirganimda, bir insonni ko‘rib qoldim. U insonning ismi – Ben Predmer. Yoshi katta inson bo‘lishiga qaramay, raqamlarni, kartalarni tezlikda eslab qolmoqda. Ha, demak, bu bo‘yicha bor ekan jahon chempionati dedim va fikr uyg‘ondi. Borishga harakatlarni boshladim. Tez eslab qolish bo‘yicha tizimlar tuzishga harakat qildim. Mnemonika bo‘yicha hech kim O‘zbekistondan chempionatga bormagan deb o‘ylagan edim. Lekin andijonlik bir bola borgan ekan, u bilan bog‘landim. Toshkentga kelib, ulardan chempionatga qanday qilib borish bo‘yicha maslahatlar oldim. Qarasam, transport uchun 1500 dollar mablag‘ kerak. Uydagilardan so‘ray olmadim, chunki ularning o‘zlari bunga qarshilik bildirib, undan ko‘ra uylanishim, boshqa ish topishim kerakligini aytishar edi. Chempionatga borganimda pul yutmasligimni bilar edim. Tayyorlanish jarayonida hokimiyatga borishim uchun yordam so‘rab murojaat qilganman, qolganini qarz ko‘tarib to‘pladim.
Bilet ham sotib oldim Xitoyga. Bormoqchi bo‘lib turganimda vizam chiqmadi. Faqatgina guruh bo‘lib ketadiganlar uchun berilayotgan edi. Futbolchi Odil Ahmedov bilan ham telefonlashib, viza masalasi bo‘yicha yordam so‘ragan edim. Uning qarindoshi men o‘qituvchilik qilgan maktabda o‘qir edi. Biroq u ham bu paytda ilojsiz ekanligini aytdi. Oxiri hokimiyatga borib, Tashqi ishlar vazirligiga viza bo‘yicha xat qilib berishlarini so‘rab murojaat qildim. 1 oy chiqadigan viza uchun 1 haftagina vaqtim qolgan edi. Tashqi ishlar vazirligi 3 kunda viza olishimga yordam berishdi. Xitoy elchixonasidan vizamni qo‘limga oldim-u, faqat yig‘lamadim, xolos.
Rossiyaning «G‘aroyib insonlar» ko‘rsatuvida qay tarzda g‘olib bo‘lgansiz?
Bir kuni eslab qolish bo‘yicha chempionatga borib kelgan bir yigit bilan suhbatlashdim. U meni Rossiyaning «G‘aroyib insonlar» («Udivitelnyye lyudi») ko‘rsatuvida chiqishga harakat qilib ko‘rishimni aytdi. Nima qilish kerakligini so‘raganimda, uch yuzta tovar shtrix kodini eslab qolish kerak ekan. Ichimda qila olmasam kerak deb o‘yladim. Lekin borishni istadim. Men o‘sha payti o‘zimga nisbatan yaxshi munosabatni sezdim, alohida mashina bilan kutib olishib, yaxshi muomala qilishdi. S'yomka kuni birinchi bo‘lib men chiqishimni aytishdi va tovar shtrix kodlarini yodlab ko‘rsatuv so‘ngida aytib berishimni aytishdi. Sahnaga chiqdim, shou boshlandi. 250 ta tovar shtrix kodlarini yodlashdi boshladim. O‘sha payti shu ishni qila olishimga ishongan edim. U yerda shovqin, boshlovchining tinimsiz savol berishi xalaqit berdi, xolos. Diqqatimni jamlashimni qiyinlashtirdi. Yodlab bo‘lganimdan so‘ng, sahnaga qayta chiqib aytib berishni boshladim. Ehtiyotkorlik bilan aytishga harakat qildim. So‘ngida bitta predmetni to‘g‘ri aytsam bo‘ldi, edi. Oxirida biroz tovar raqamiga ikkilandim. To‘g‘ri topdim, zal turib olqishladi. Nima bo‘layotganiga hayron qoldim. Bunday hissiyot menda boshqa bo‘lmagan edi. Oldimga sertifikat va mukofot puli olib kelishdi.
Qanday qilib kuchli xotira egasi bo‘lishi mumkin?
Eslab qolish – hammada bor qobiliyat. Ko‘pchilik xotirani shug‘ullantirmasligi oqibatida kuchli xotiraga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘la olmaydi. Men 23 yoshga kirganimda xotirani rivojlantirish bo‘yicha narsalar bilan tanishganimda, nega shuni ertaroq qilmadim, nega bu uslublardan maktablarda foydalanilmaydi, deb o‘ylanganman. O‘ylaymanki, mening shaxsiy missiyam – odamlarga xotirani rivojlantirish mumkinligi, har kim tez eslab qolish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkinligini yetkazish. Agar undan to‘g‘ri foydalanmasak, bu uvol.
Eng yaxshi ko‘rsatkichim besh daqiqa ichida 468ta raqam eslab qola olganman. Shogirdlarimdan biri rus tilidan 3000ta so‘zni besh kunda eslab qola oldi. Mana shunday paytlarda yuragim jiz etadi. Tasavvur eting, til o‘rganuvchilar tez eslab qolish ortidan tez fursatda maqsadlariga erisha olishadi. Buning uchun miyadan to‘g‘ri foydalana bilish lozim. Insonlar miya bilan ongni adashtiradi. Miya kompyuterdan ham kuchli, u bir paytning o‘zida ko‘plab funksiyalarni bajaradi. Odamlar sabr bilan xotirani kuchaytirishga intilishlari lozim. Ko‘p narsa, ta'lim va sabrga bog‘liq. Kelishadi-da, xotirani rivojlantirish bo‘yicha maslahat so‘rashadi, maslahat bersam, biroz vaqtdan so‘ng kelib, kutgan natija bo‘lmaganini aytishadi, sabrsizlik qilishadi. Men u insonning xotirasi qachon o‘zgarishini oldindan ayta olmayman. Mashq qilib borishda davom etaverish lozim.
Yoshlar o‘z miyasi ustida ishlash uchun nima qilishsin?
Bir narsani tushunish kerak. Muvaffaqiyatga erishishni istagan yoshlar uchun aytgan bo‘lar edim, aqliy mehnat jismoniy ishdan bir necha barobar yuqori turadi. Yoshlarga to‘g‘ri insonlarni namuna qilib, nimalardan foydalanish kerakligini, qo‘l bilan emas, bosh bilan ishlash kerakligini, miyani rivojlantirish kerakligini anglatishimiz kerak. Yana bir narsa, do‘stlarni to‘g‘ri tanlay bilish lozim. Muhit yoshlikdan to‘g‘ri tanlanishi lozim. Bola chalg‘imaslik kerakligini biladi, lekin qanday chalg‘imaslik kerakligini bilmaydi. Farzandiga tavsiya berib, ota-onalarning o‘zlari amal qilmaydi. Atrofni to‘g‘ri shakllantirish oiladan boshlanadi. Haqiqiy do‘st sizni har qanday holda ham tushuna olib, maqsadga erishishingizga yordam beradi.
O‘yin-kulgi ortidan quvayotgan yoshlarga nima degan bo‘lar edingiz?
TikToker yoshlarni hech kimga hech qanday zarari tegmayapti, deb o‘ylaymiz. Lekin 20-30 yildan so‘ng buning salbiy oqibatlari namoyon bo‘ladi. Hozirgi yoshlar TikTok’ni o‘rganishyapti. Yoshlarga emas, ota-onalarga tavsiya bergan bo‘lar edim. Men hurmat qiladigan bir inson bor – Aleksandr Shlemenko. Farzandlariga oddiy, tugmachali telefon bergan. Bolalarga namuna kerak, ota-onaning o‘zida maslahat berayotgan ishi aks etmagan bo‘lsa bekor. O‘zbekistonda namunalarning tanqisligi. Ota-onalar bolalarga namuna bo‘lishsin. Yoshlar tiktokerlarni emas, olimlarni, ilmli insonlarni kuzatishlari darkor.
Mavzuga oid
19:16 / 23.11.2024
Dunyodagi eng baland va eng past bo‘yli ayollar Londonda uchrashdi
16:11 / 22.10.2024
Kanadalik erkak itlarni sayr qildirish bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. U bir vaqtda 38 ta itning jilovini ushlab yurgan
19:43 / 21.10.2024
Humanoid robot uzunlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi
16:50 / 10.10.2024