12:00 / 22.05.2021
31940
Andijon shahar prokurori lavozimidan ozod etildi

Andijon shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan Qurbonali Asqarov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bosh prokurorining 2021 yil 21 may kungi buyrug‘i bilan Andijon shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan adliya maslahatchisi Qurbonali Asqarov o‘z xohishiga ko‘ra bergan arizasiga asosan lavozimidan ozod qilingan.

“Qayd etish joizki, Q.Asqarovning lavozimidan ozod etilishi 2021 yil 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ro‘y bergan holatlar bilan bog‘liq emas”, deyiladi mahkama tomonidan tarqatilgan xabarda.

Bundan oldin, xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 2021 yil 17 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida Shuhrat Karimovni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilishni so‘rab taqdimnoma kiritgan Qurbonali Asqarov ishdan olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov esa u rasman vazifasidan ozod qilinmaganini ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni bo‘lib o‘tgan sessiyaga kirishdan olgan barcha deputatlar telefon va ovoz yozish moslamalari olib qo‘yilib, sessiya ishtirokchilari Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tintuv qilingan edi. Sessiyada shahar hokimining noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputat Shuhrat Karimov shahar prokurori taqdimnomasiga asosan, ko‘pchilik ovoz bilan daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi prokurorning bunday harakatini «oqlab bo‘lmasligi»ni, u birinchi navbatda korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilishi kerakligini ta'kidlagan bo‘lsa, Adliya vazirligi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanishi, uning huquqlari, sha'ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi, deputatning sha'ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma'muriy, jinoiy yoki o‘zgacha tarzda javobgar bo‘lishi, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida deputatga qanday tarzda bo‘lmasin ta'sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi, deputat oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg‘on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lishini eslatgan.

Top