09:35 / 22.05.2021
5605
«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi rahbarligidagi ishchi guruh Muborakdagi konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish masalasini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» a'zolari Jamiyat tarkibidagi boshqarmalarda uglevodorodlar qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan tanishish maqsadida, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Dengizko‘l» konida bo‘ldi.

Jamiyat tomonidan hozirda Respublikamiz aholisini doimiy, asosan kuz-qish mavsumida va sanoat tarmoqlarining tabiiy gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishni ta'minlash maqsadida va uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni oshirish borasida bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Dengizko‘l» konida bo‘lib, konda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Tabiiy gaz qazib chiqarilishi bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilishida mavjud kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish choralarini ko‘rish kerakligi ta'kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, konga qarashli tabiiy gaz quduqlarining bir maromda ishlashi hamda qazib chiqarish holatini to‘liq nazorat va monitoring qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Ishchi guruh» tomonidan «Dengizko‘l» 324NN-sonli quduqda olib borilayotgan burg‘ilash, 41- va 105-sonli quduqlarda olib borilayotgan kapital ta'mirlash ishlari nazorat qilindi.

Boshqaruv raisi burg‘ilash ishlarida faollik bilan mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan uchrashib, ular uchun yaratib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha sharoitlar borasida suhbatlashdi.

Quduqlarni burg‘ilash va kapital ta'mirlash jarayonlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning mehnat sharoiti bilan tanishib, shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

O‘z navbatida, ularning sidqidildan mehnat qilayotganliklarini e'tirof etib, barcha sharoitlar yaratib berilishi aytildi.

Bundan tashqari, konda dastur doirasida Siquv kompressor stansiyasi 2-navbatining qurilish-montaj ishlari ham o‘rganildi va qurilish ishlarini tezlashtirish, texnologik obektni belgilangan muddatda bajarish vazifasi belgilandi.

Siquv kompressor stansiyasining 2-navbati o‘z vaqtida ishga tushirilishini ta'minlash maqsadida tegishli departamentlar va boshqarma boshlig‘iga alohida topshiriqlar berildi.

«Dengizko‘l» konida yangi burg‘ilashdan ishga tushirilishi rejalashtirilgan quduq gazlarini transportirovka qilish hamda yangi 8-sonli kirish tarmoqlar blokini qurish va gazni dastlabki tayyorlash qurilmasigacha bo‘lgan diametri D-426mm.li, 1,8km uzunlikdagi gaz quvurini qurish chora-tadbirlari bo‘yicha olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari o‘rganildi.

Boshqaruv raisi tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan bajarilayotgan ishlarni alohida e'tirof etib, ishchi-xodimlarning mehnat faoliyatiga qarab munosib taqdirlash, ularni rag‘batlantirib borish, ularning dam olishlari uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top