14:44 / 29.05.2021
154988
Andijonlik ayolni 5 nafar erkak zo‘rlagani haqidagi gaplar tuhmat bo‘lgani ma'lum qilindi

Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati Andijonda 5 oylik kelinning zo‘rlanishi bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, Andijonlik kelinning arizasidagi holatlar o‘z isbotini topmadi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 13 may kuni fuqaro O.O.ning zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarining har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining ish yurituviga o‘tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilib, olingan ashyolar bo‘yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchi O.O.ning badanida zo‘rlik alomatlari bilan bog‘liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan.

Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.    

Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so‘roq qilinganida, uni hech kim zo‘rlab nomusiga tegmaganini, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi ma'lumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor bo‘lish evaziga uni zo‘rlab nomusiga tekkani haqida ariza va ko‘rsatma berishga majbur qilganini, agarda ushbu ko‘rsatmani bermasa turmush o‘rtog‘i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan va guvoh tariqasida so‘roq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo‘lgan shiypon atrofida begona erkaklarni ko‘rmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam so‘rab baqirgan ovozi eshitilmaganligini ma'lum qilgan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi O.O. ma'lum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir bo‘lgan kuni hodisa joyida, ya'ni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo‘lgan dala shiyponida umuman bo‘lmaganliklari aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zo‘rlanganligi to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top