So‘nggi o‘n kun davomida ijtimoiy tarmoqlar Andijon tumanida 6 nafar erkak dala shiyponida besh oy avval turmushga chiqqan ayolning nomusiga tekkani haqidagi xabarlar bilan to‘lib-toshdi.

Ta'kidlash lozim, aksariyat intervyular jabrlangani aytilayotgan ayol va uning qarindoshlaridan olingan.

Kun.uz muxbiri Andijon tumani Qoraqalpoq qishlog‘iga borib, gumondor erkaklarning besh nafari bilan suhbatlashdi.

Mazkur voqeada gumonlanuvchi erkaklarning soni asli 7 nafar bo‘lib, ulardan ikki nafari – Abubakir Satimov va Omadbek Meliboyevlar ayni paytda transport vositasini mast holatda boshqargani uchun 15 sutkalik ma'muriy jazoni o‘tashmoqda.

Biz qolgan besh gumonlanuvchi bilan suhbatda bo‘ldik. Dastlab Muzaffar Soliyev vaziyat bo‘yicha izoh berdi.

«Atrofda kira qiladigan shofyorlar bilan 13 may kuni «gap»imiz bor edi. Yeb-ichib o‘tirib, cho‘milish maqsadida Qoradaryoga tushdik. Bizning aybimiz – o‘shalarning shiyponi oldidan o‘tib ketganimiz bo‘ldi. U yerga to‘xtaganimiz ham yo‘q. U qizni ko‘rganimiz ham yo‘q. Ularni taniganimiz ham yo‘q umuman. To‘g‘ri o‘tib ketib, ular aytayotgan joydan 1-1,5 kilometr uzoqlikda o‘tirganmiz.

Shu yerda o‘tirib, yeb-ichib, yana chiroyli bo‘lib qaytib o‘tib ketdik o‘sha joydan. U yerda birov bilan uchrashganimiz ham yo‘q. Buni o‘sha yerdagi qo‘y fermasi egasi Shurik aka tasdiqlaydi, guvohlik ham beradi. O‘sha yerda yonimizda o‘tirgan, cho‘milgani tushgan besh-oltita yigitlar ham bor edi.

Biz suv bo‘yida o‘tirdik. Ozginadan aroq ichdik. Bizni «zo‘rladi» deyapti. O‘ta katta ayblov bu. To‘g‘ri, aybimiz ichganimizda, lekin odam ichib olib ham u ishni qilmaydi-da. Aqlga sig‘maydigan ishlar bo‘lyapti bu yerda. Men xalqning oldida ham aytaman, Allohning oldida ham aytaman, yuzim yorug‘, Allohga shukr», – deydi u.

Yana bir gumonlanuvchi Asilbek Mirzaabdullayev umuman aybdor emasligi, o‘sha kuni sheriklari bilan «noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lib qolishgani»ni aytadi.