O‘zbekiston | 12:01 / 19.05.2021
45426
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziri Andijondagi zo‘rlash voqeasini o‘z nazoratiga oldi. Ishga IIVning alohida mutaxassislari jalb etilgan

Foto: KUN.UZ

Joriy yil 13 may kuni Andijon viloyati, Andijon tumanida homilador ayolga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik jinoyati aholi o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda turli izohlarni keltirib chiqarmoqda.

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, shu yilning 14 may kuni Andijon tumani IIBga shu tumanda yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro O.O. murojaat qilib, bir kun oldin, 13 may soat taxminan 16:00larda Andijon tumani Qoraqalpoq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan dala shiyponida o‘ziga tanish bo‘lgan ikki erkak tomonidan zo‘rlanib, jinsiy aloqada bo‘lganligini bayon qilgan.

Voqea joyiga darhol tergov-tezkor guruhi chiqib, belgilangan tartibda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari va tezkor tadbirlar amalga oshirilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari Andijon viloyati IIB tomonidan amalga oshirilmoqda. Ishga Ichki ishlar vazirligining alohida mutaxassislari jalb etilgan.

Qayd etilishicha, hozirda voqea joyidagi ashyolar, biologik izlar, jabrlanuvchi va gumonlanuvchilarga tegishli kiyimlar dalil tariqasida olinib, sud-tibbiy ekspertiza, sudga oid biologik ekspertiza va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalar tayinlangan.

Shuningdek, jabrlanuvchi O.O.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, unga zo‘rlik ishlatgan hamda jinsiy aloqada bo‘lganligi vaj qilinayotgan olti nafar gumonlanuvchi fuqarolarning ko‘rsatmalari, voqeaning xronologik tartibi hamda mavjud guvohlar bayonotlari to‘liq o‘rganilmoqda. Voqea yuzasidan gumonlanuvchilar va guvohlar ko‘rsatmalari, dastlabki sud-tibbiy ekspertizasi natijalari hamda jabrlanuvchi ko‘rsatmalari o‘rtasida jiddiy tafovutlar borligi sababli, qo‘shimcha tergov va tezkor harakatlari amalga oshirilayotgani aytilgan.
  
“Mazkur jinoyatni fosh etish jarayoni ichki ishlar vazirining shaxsan nazoratida bo‘lib, holat to‘liq o‘rganilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha har bir ishtirokchining harakatlariga huquqiy baho beriladi hamda aybdorlar uchun jazo muqarrarligi ta'minlanishi kafolatlanadi. Bu haqda jamoatchilikka o‘z vaqtida va batafsil e'lon qilinadi.

Shu munosabat bilan fuqarolarimizdan hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan mazkur masala yuzasidan noo‘rin va haqiqatdan yiroq ma'lumotlarni tarqatmaslikni, asl vaziyatdan bexabar odamlar orasida shov-shuvga sabab bo‘luvchi vahima chiqarmaslikni so‘raymiz”, deyiladi IIV bayonotida.   

Bundan oldin, Andijonda guruh bo‘lib zo‘rlash holati Senat nazoratiga olingani xabar qilingandi

Mavzuga oid