22:36 / 29.05.2021
12929
«Tuppa-tuzuk ishlab turgan tizimni buzish kimga kerak?» - Mass-media fondi reklama qonunchiligidagi o‘zgarishlarga qarshi chiqdi

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar OAVni moliyaviy jihatdan «o‘ldiradi», deya bayonot berdi Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov. «Deputatlar o‘zlari qabul qilayotgan qonunlarning oqibatini o‘ylasalar yaxshi bo‘lardi», – dedi u.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlarga qarshi bayonot bilan chiqdi.

Fond raisi Komil Allamjonovning ta'kidlashicha, parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan qonun loyihasi matbuotga jiddiy moliyaviy zarar keltirishi mumkin.

«Eng qizig‘i, bizdan ham bu borada taklif so‘rashgan edi. Lekin tushunishimizcha, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bizning takliflarni kiritmagan yoki yana boshqa sabab bor. Hozircha bizga bu qorong‘i», – deya yozdi Allamjonov Telegram'dagi kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masala muhokama qilinib, matbuot sohasidagi qonun loyihasi, matbuotchilar bilan kelishilgan holda, ularni «o‘ldirish» emas, balki moliyaviy rivojlanishiga omil bo‘ladigan ko‘rinishda kiritilishi kerakligi ta'kidlangan.

«Bundan tashqari, deputatlarimiz nima hujjat kirsa ham tugmani bosib o‘tirmasdan, uni qabul qilishdan oldin sal mas'uliyatni his qilib, o‘sha qonunlar oqibatini ham o‘ylasalar yaxshi bo‘lardi. Tuppa-tuzuk ishlab turgan tizimni buzishning kimga keragi bor?

Ushbu hujjat 98,4 foiz ovoz bilan birinchi o‘qishda qabul qilinibdi. Bu degani deyarli hech kim qarshi bo‘lmagan bu cheklovlarga. Maqsadingiz tushunarsiz», – deya deputatlarga murojaat qilgan Mass-media fondi raisi.

Allamjonov «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha haqida ham to‘xtalgan. Unga asosan, ijtimoiy tarmoqlar va to‘lov tizimlari O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni jisman O‘zbekistonda joylashgan serverlarda saqlashga majbur. Aks holda, ular jarimaga tortilishi va ishlay olmasligi kerak.

«Vaholanki, Facebook, Google va boshka ijtimoiy tarmoq va platformalar nafaqat jarima, balki vazirliklar so‘roviga javob ham bermayapti. Shartimizga gigantlar ko‘nmasa, ertaga nima bo‘ladi? Yana o‘chirib qo‘yamizmi? Balki Shimoliy Koreyaga havas qilayotgandirsiz? Albatta, bu boshqa masala.

Hurmatli deputatlar, agar mahalliy matbuot o‘lsa, ertaga, hatto, o‘z saylov kampaniyangizni ham chet el matbuoti orqali yalinib, yolvorib amalga oshirishingizga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Undan tashqari, o‘zi shundoq ham oson bo‘lmagan kunlarni boshidan o‘tkazayotgan davlat budjetiga ham sezilarli zarar keltiradi bu hujjat», – deya yozadi Komil Allamjonov.

Allamjonov Mass-media fondi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasiga mutlaqo qarshi ekanini bildirgan.

«Xususiy telekanallar budjet puliga emas, faqatgina reklama orqali kun ko‘radi va rivojlanadi. Agar reklamaga o‘ylab-o‘ylamay to‘siqlar qo‘yilsa, yana hamma kabel telekanallari, Rossiya va xorij kanallarini ko‘rishga o‘tadi, ular g‘oyasi bilan boqiladi. Yoki shumi maqsad?

Mass-media fondi ushbu qonun loyihasiga mutlaqo qarshi. Biz barcha matbuotchilar nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatdan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, uning rivojiga g‘ov bo‘ladigan, uni moliyaviy jihatdan «o‘ldiradigan» qonunlar qabul qilish va ma'qullashning oldini olishni so‘rab qolamiz», – deya o‘z bayonotini yakunlagan Komil Allamjonov.

Avvalroq Kun.uz «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan bir nechta o‘zgarishlar mantiqsizligi va OAV rivojiga to‘siq bo‘lishi haqida yozgan edi.

Top