22:00 / 30.05.2021
19943

O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston Tailand milliy jamoasini yirik hisobda mag‘lub etdi

28 may kuni Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketgan O‘zbekiston milliy jamoasi bugun, 30 may kuni Dubay shahrida Tailand milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.

28 may kuni Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketgan O‘zbekiston milliy jamoasi bugun, 30 may kuni Dubay shahrida Tailand milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.

Toshkentda o‘tgan Turmanistonga qarshi so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinida bo‘lganidek, Dubaydagi o‘yin ham yopiq eshiklar ostida o‘tkazildi.

O‘FA rasmiy saytining yozishicha, uchrashuvda hisob 60-daqiqada tailandliklar tomonidan ochilgan. Darvozamiz tomon yo‘llangan zarba rikoshet holatda darvozadan o‘rin olgan – 0:1.

65-daqiqaga kelib standart vaziyatdan so‘ng himoyachi Husniddin Aliqulov hisobni tenglashtirgan – 1:1.

70-daqiqaga kelib vakillarimizning kombinatsion hujumidan so‘ng Odil Ahmedov yakkama-yakka vaziyatdan foydalangan – 2:1

73-daqiqaga kelib esa To‘xtaxo‘jayev – Ahmedov – Ikromov kombinatsiyasidan keyin Temurxo‘ja Abduxoliqov hisobdagi farqni ikkitaga oshirgan bo‘lsa, 90-daqiqada dublga erishib, yakuniy natijani o‘rnatdi – 4:1. 

Qayd etish joiz, Tailand milliy jamoasi kecha, 29 may kuni Sharjada Tojikiston bilan ham o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib, 2:2 hisobini qayd etgandi.

O‘rtoqlik uchrashuvi. 30 may
BAA, Dubay «The Sevens» stadioni.
O‘zbekiston – Tailand – 4:1
Gollar
: Husniddin Aliqulov 65, Odil Ahmedov 70, Temurxo‘ja Abduxoliqov 73, 90 – 60 (avtogol).

Eslatib o‘tamiz, Tailand o‘rniga aslida Avstraliya milliy jamoasi O‘zbekistonga raqiblik qilishi lozim edi. Ammo tarkibdagi bir necha futbolchi jarohat olgani sababli Avstraliya O‘zbekistonga qarshi bahsda maydonga tusha olmasligini ma'lum qilgan. 

Vadim Abramov shogirdlari 1 iyun, seshanba kuni Dubaydan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi. Saudiyada o‘tadigan JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichidagi hal qiluvchi uchrashuvlar uchun 28 nafar futbolchi jalb etilgan.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi o‘yinlarda uchinchi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

JCh-2022 2-saralash bosqichi qolgan o‘yinlari:
7 iyun. O‘zbekiston – Singapur. 23:00
11 iyun. Yaman – O‘zbekiston. 23:00
15 iyun. Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston. 23:00.

Top