07:59 / 02.06.2021
5677

Qanday ilmiy tashkilotlar davlat budjetidan moliyalashtirilishi ma'lum bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Davlat ilmiy tashkilotlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimlaridagi davlat ilmiy tashkilotlari 2021 yil 1 iyundan boshlab bazaviy moliyalashtirishga o‘tkaziladi.

Hujjat bilan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkaziladigan davlat ilmiy tashkilotlari ro‘yxati va ularning shtat birliklari jadvali tasdiqlandi.

Ushbu tashkilotlarni saqlash xarajatlari 2021 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligiga davlat ilmiy dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni moliyalashtirishga ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 2022 yildan esa ular O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Bazaviy moliyalashtiriladigan davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalar bo‘yicha ustama xarajatlar hisoblanmaydi.

Bundan tashqari, qarorda davlat budjeti hisobidan qoplanadigan ilmiy tashkilotlarning xarajatlari turlari keltiriladi, xususan:

  • boshqaruv xodimlari ish haqi;
  • majburiy sug‘urta badallari;
  • kommunal xizmatlar to‘lovlari;
  • telekommunikatsion, xizmat safari xarajatlari va boshqalar.

Hujjat qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 27.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top