21:45 / 04.06.2021
16575
Vazirlik rasmiysi MIXni eng kam ish haqiga bog‘lash haqida fikr bildirdi

Ma'lum qilinishicha, minimal iste'mol xarajatlari 440 ming so‘m deyilgani – dastlabki hisob-kitoblar natijasi bo‘lib, bu raqam yil oxirigacha o‘zgarishi mumkin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Jalilov O‘zbekistonda joriy qilinayotgan yangi konsepsiya – minimal iste'mol xarajatlari yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish berdi.

«440 ming so‘m deya qabul qilingan raqam uzoq o‘rganishlar, so‘rovlar natijasida hisob-kitob qilib chiqarilgan. Ta'kidlash joiz, bu dastlabki hisob-kitoblar bo‘lib, yil yakuniga qadar bu raqam o‘zgarishi mumkin», – dedi u «Xulosa o‘zingizdan» ko‘rsatuvidagi chiqishida.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, minimal iste'mol xarajatlari me'yorini minimal ish haqi bilan bog‘lash chuqur o‘rganishlarni o‘tkazishni talab etadi.

«Sababi, kambag‘allikni qisqartirishning asosiy instrumentlaridan biri doimiy va sifatli ish o‘rinlarini yaratish hisoblanadi, eng kam oylik ish haqining oshishi esa biznes tomonidan ish o‘rinlarini qisqartirish yoki xufiyona iqtisodiyotga o‘tishni rag‘batlantirishi mumkin.

Shuning uchun ham minimal iste'mol xarajatlari me'yorini minimal ish haqi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lashdan oldin mehnat bozorini kompleks tadqiq qilish talab etiladi», – deya Abdumalik Jalilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni respublika aholisining minimal iste'mol xarajatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra kishi boshiga bir oyda 440 ming so‘m ekani e'lon qilindi.

Top