16:38 / 06.06.2021
19392
Naftali Bennet: Isroilda Netanyahu o‘rniga kelishi kutilayotgan siyosatchi haqida nimalar ma'lum?

Keyingi ikki yillik uchun Isroilning yangi bosh vaziri Naftali Bennet bo‘lishi kutilmoqda - u murosasiz o‘ngchi, isroilliklar va falastinliklar uchun «ikki davlat» formulasiga qat'iy qarshi turuvchi siyosatchi, sobiq harbiy, millioner.

Foto: AFP

Mart oyidagi saylovlarda 49 yoshli Bennet rahbarligidagi «Yamina» (to‘liq nomi «Xa-Yamin Xa-Xadash» - ivr. «Yangi o‘nglar») 120 o‘rinli knessetda 7 o‘rinni qo‘lga kiritgan, ammo ikki asosiy partiyaning kuchlari teng bo‘lib qolgan sharoitda uning fraksiyasi tarozi pallasini u yoki bu tomonga og‘dira oladigan vazn bo‘lib qolmoqda.

Bennetga hozirgi bosh vazir Binyamin Netanyahu ham, muxolifat rahbari Yair Lapid ham bosh vazirlik lavozimini taklif etdi.

Bennet, markazchi Lapid bilan g‘oyaviy jihatdan yaqin emasligiga qaramasdan, aynan muxolifatchilar tomonga o‘tdi - bu esa 12 yil mobaynida uzluksiz mamlakatni boshqargan Netanyahuning davriga yakun yasaydi.

Naftali Bennet 2008 yilga qadar Netanyahuning yaqin safdoshi bo‘lgan

Naftali Bennet Hayfada tug‘ilgan, uning ota-onasi AQShdan ko‘chib kelishgan. U ham Netanyahu kabi Isroil armiyasining mamlakat dushmanlari hisoblangan shaxslarni qo‘lga olish hamda garovdagilarni ozod qilish kabi amaliyotlarni bajaruvchi maxsus bo‘linmasi «Sayyeret Matkal»da xizmat qilgan.

Bennetni bir paytlar Netanyahuning qanoti ostidagi odam deb hisoblashgan: 2006-2008 yillarda u o‘sha vaqtda muxolifat yetakchisi bo‘lgan Netanyahuning apparati rahbari bo‘lgan. Ammo keyin ular janjallashib qolishgan va u ta'lim sohasini islohot qilish rejasini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan jamoani boshqargan. U 2010 yildan 2012 yilgacha yahudiylarni Samariya va G‘azoga ko‘chirish kengashi direktori bo‘lgan, bu hududlardagi qurilishlarni muzlatishga qarshi harakatga rahbarlik qilgan. 2012 yilda «Isroillik» harakatiga asos solgan. Bu orada u «Likud»ni butunlay tark etgan va o‘ngchilarning «Yahudiy uyi» partiyasiga o‘tgan, keyinroq u o‘z nomzodini partiya rahbarligi uchun qo‘ygan, ichki saylovda 67 foiz ovoz olib, 2012 yil kuzida partiya raisi etib saylangan.

Bennet 2019 yilga qadar, uning hozirgi yangi tashkil etilgan partiyasi navbatdagi parlament saylovlarida muvaffaqiyatsizlikka uchraguncha turli vazirlik lavozimlarida ishlagan (2013-15 yillarda iqtisodiyot vaziri, xuddi shu davrda Din ishlari bo‘yicha vazir, 2015-2019 yillarda Isroil ta'lim vaziri). Ammo keyingi navbatdan tashqari saylovlarda Bennet parlamentga qaytgan va 2019 yil noyabridan 2020 yil mayiga qadar Isroil mudofaa vaziri bo‘lgan.

Bennetni ultramillatchi deb atashadi, u o‘zini Binyamin Netanyahudan ko‘ra o‘ngchi deb ataydi. U Isroil yahudiylarning milliy davlati bo‘lishi kerak deb hisoblaydi va Isroilda G‘arbiy sohil, Sharqiy Quddus va isroilliklar tomonidan 1967 yilda egallab olingan Suriyadagi Jo‘lon tepaliklariga tarixiy egalik huquqi bor deb hisoblaydi.

Yahudiy manzilgohlari masalasi
Bennet anchadan buyon yahudiylarning G‘arbiy sohildagi manzilgohlari saqlanib qolishi uchun kurashib keladi. Bu manzilgohlarda (Sharqiy Quddusdagilar bilan qo‘shib hisoblaganda ularning soni 140ta atrofida) 600 mingdan oshiq yahudiylar yashaydi. Jahon hamjamiyati bu aholi punktlari falastinliklar yerida noqonuniy ekspansiya orqali joylashtirilganini ta'kidlab keladi, lekin Isroil hukumati bunday e'tirozlarga qo‘shilmaydi.

Manzilgohlar masalasi - Isroil-Falastin nizosidagi eng muhim jihatlardan. Falastinliklar manzilgohlar yo‘q qilinishini talab qilishadi. Netanyahu ham manzilgohlar saqlanib qolishi tarafdori, ammo Naftali Bennet uni bu masaladagi yetarlicha qat'iyatli deb hisoblamaydi.

Shu bilan birgalikda, Bennet G‘azo sektoridagi hududlarga da'volardan voz kechishni qo‘llab-quvvatlaydi. 2000-2005 yillardagi Ikkinchi Intifada ortidan Isroil birtomonlama ravishda G‘azo sektoridan qo‘shinlarini ham, aholisini ham chiqarib, hududni HAMASga qoldirgandi.

Naftali Bennet Icroil G‘arbiy sohilning katta qismini nazorat qilishi kerak deb hisoblaydi

Bennet ingliz tilida yaxshi so‘zlashadi va xorijiy telekanallarda chiqishlar qilib, Isroil siyosatini himoya qiladi.

Umuman olganda, u OAV imkoniyatlaridan mohirona foydalanadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishlarda ba'zida juda qo‘pollik bilan harakat qiladi. Bir safar u Isroil telekanalida jonli namoyish etilgan debat vaqtida yahudiylar G‘arbiy sohilda joylashishga haqli emasligini aytishiga javoban Bennet shunday degandi: «Siz hali daraxtdan pastga tushmasdan, bu yerda bizning yahudiylar davlati bor edi!»

Bennet dunyoning ko‘plab davlatlari, shu jumladan, AQSh va uning hozirgi prezidenti Jo Bayden tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan isroilliklar va falastinliklar uchun ikki alohida davlat tuzish haqidagi g‘oyani rad etadi.

«Bir qarich ham bermaymiz»
«Men Isroil yeridan bir santimetr ham bermayman. Nuqta», degandi Bennet shu yil fevralida bergan intervyusida. U, aksincha, Yahudiya va Samariya (Iordanning G‘arbiy sohili)ning katta qismini Isroilga qo‘shib olinishi kerak deb hisoblaydi.

Bennet «falastinlik jangarilar» uchun o‘lim jazosi amal qilishini qo‘llab-quvvatlaydi, lekin zamonaviy Isroilda o‘lim jazosi yo‘q, faqat bir istisnoli holat ro‘y bergan - 1962 yilda isroilliklar natsist jinoyatchi Adolf Eyhmanni osib o‘ldirishgan.

2018 yilda, G‘azo sektorida o‘nglar va HAMAS o‘rtasida yuzaga kelgan navbatdagi nizo chog‘ida Bennet o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi chiqqandi. May oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi urush vaqtida Bennet (va boshqa ko‘plab isroillik siyosatchilar) Isroil hududiga birinchi bo‘lib raketalar uchira boshlagan HAMAS yetakchilarining o‘zi Isroilning javob zarbalari oqibatida vafot etgan tinch aholi vakillari o‘limida aybdor ekanini aytib o‘tgandi.

Bennet uchun eng muhim mavzulardan biri - milliy g‘urur va o‘ziga ishonch mavzusidir. 2014 yilda u so‘l liberallarning New York Times va «Gaarets» gazetalarida Isroil olib borayotgan siyosat tanqid qilinishiga javoban satirik videorolikni suratga oladi, u rolikda atrofdagi hammadan uzr so‘rab yuradigan yahudiy-hipster rolida chiqadi. Rolik oxirida esa o‘z qiyofasiga qaytib shunday deydi: «Bas, bugungi kundan uzr so‘rash yo‘q!»

Siyosatga kirib kelishidan oldin Naftali Bennet harbiy xizmatda, keyin esa biznesda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Mayor Bennet Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmalarining ikkitasida xizmat qilgan va bir necha marta jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Xizmatdan zaxiraga olingach esa kompyuter texnologiyalari sohasida startap qilib, biznesini sotganidan keyin multimillionerga aylangan.

«Men birdaniga 17 steyk yeya olmayman, menda xususiy samolyot yoki yaxtalar yo‘q. Men shunchaki o‘zim uchun ozodlik sotib oldim va nimani istasam qilaman», degandi Bennet 2014 yilda bergan intervyusida.

Top