Chorshanba kuni kechqurun muxolifatdagi sakkiz partiya uzoq vaqt davom etgan muzokaralardan keyin birgalikda hukumat shakllantirishga kelishilgani haqida e'lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, keyingi saylovlargacha to‘rt yillikning dastlabki ikki yilida bosh vazirlik lavozimini o‘ng qarashlarga ega «Yamina» partiyasi yetakchisi Naftali Bennet egallaydi, keyingi ikki yilda esa - markazchilarning «Yesh Atid» partiyasi (bu partiya knessetdagi ikkinchi yirik fraksiya) rahbari Yair Lapid bosh vazirlik qiladi.
Ammo barcha siyosiy spektrlardagi kuchlarni birlashtirgan koalitsiya hali parlament tomonidan ham ma'qullanishi kerak bo‘ladi.
Koalitsiya shakllantirilganidan keyin bergan ilk izohida Netanyahu «o‘nglar ovozi bilan saylangan» knesset a'zolarini koalitsiyani qo‘llamaslikka chaqirdi. Amaldagi bosh vazir tvitterdagi sahifasida partiyalarning yangi birlashmasini «so‘llar» va «xavfli» deb atadi. Avvalroq u yangi hukumat shakllantirilishini Isroil davlatchiligi va isroilliklar uchun xavf tug‘diruvchi «asr firibgarligi» deb atagandi.
Sharhlovchilar o‘zi koalitsiya tuza olmagan Netanyahu (garchi uning boshqaruvidagi «Likud» mart oyidagi saylovlarda ustunlik qilgan bo‘lsa-da) endi deputatlar yangi koalitsiyani qo‘llamasligi uchun bor imkoniyatini ishga solishiga shubha qilishmayapti.
“Is that a wish or a question?” Netanyahu is the comeback king pic.twitter.com/LiI4mM7UI3
— Tom Bateman (@tombateman) June 2, 2021
Koalitsiya tuzilgani haqida e'lon qilishidan biroz vaqt o‘tgach BBC korrespondenti va Netanyahu o‘rtasida quyidagicha so‘zlashuv bo‘lib o‘tgan:
- Janob Netanyahu, bu sizning bosh vazirlikdagi so‘nggi haftangizmi?
- Bu savolmi yoki tilak?
Hozircha parlament Lapid tomonidan tashkil etilgan koalitsiyani aynan qachon tasdiqlashi ma'lum emas. Ovoz berish jarayoni yangi ittifoq tuzilgani e'lon qilinishidan taxminan o‘n kun o‘tgach bo‘lib o‘tishi kerak, ammo hozircha bu muddat belgilanmadi. Bu shuni anglatadiki, nazariy jihatdan ovoz berish jarayoni boshlangunicha qaysidir partiya koalitsiyani tark etishi ham mumkin.
«Barcha fuqarolar farovonligi uchun»
Lapid prezidentni yangi koalitsiya shakllantirilgani haqida chorshanba kuni kechqurun xabardor qildi, bu unga boshqa partiyalarni o‘ziga og‘dirish maqsadida muzokaralar o‘tkazilishi uchun berilgan 28 kunlik muddat tugashiga taxminan bir soat vaqt qolganida ro‘y berdi.










