12:21 / 07.06.2021
29045
«Ketmonim – diplomim»: 45 daraja issiqda chopiq qilayotgan qishloq ayollari

5 iyun kuni Qarshi aeroportida samolyotda issiq tufayli texnik nosozlik ro‘y berdi va yo‘lovchilar bortda qolib ketishdi. O‘zbekistonda kuzatilayotgan issiq haroratga temir dvigatellar dosh berolmagan bir paytda qishloq ayollari dalada ketmon chopishmoqda. Kun.uz ular bilan suhbat qildi.

Shu kecha-kunduzda Navoiy viloyatida havo harorati 45 darajagacha issiq bo‘lmoqda. Bunday haroratda ko‘pchilik o‘zini soya-salqinga olgan. Faqatgina qishloq ayollari tinib-tinchimaydi, ro‘zg‘or ishlaridan ortib, dalaga mehnat qilgani ham chiqishadi. Karmana tumani hududidagi paxta dalalaridan birida quyoshda qoraygan qahramonlar — issiqqa parvo qilmasdan chopiq qilayotgan xotin-qizlar bilan suhbat qurdik.

Ular dalada kunbay ishlashadi. 200 metrga yaqin uzunlikdagi paxta dalasida bitta qatorning begona o‘tini tozalab chiqish uchun 10-12 ming so‘m atrofida haq to‘lanadi.

«Ketmonimizni diplomimiz deb hisoblaymiz. Chunki, shu ketmon bilan halol mehnat qilib, ro‘zg‘orimizga qo‘shimcha daromad olib boryapmiz. Mehnatimiz bilan uy qildik, to‘y qildik, mashina oldik. Kuniga 90 ming so‘mgacha topamiz. Uyga borgach, ro‘zg‘or ishini ham qilamiz.

Hozir ishlayotgan fermerimiz yaxshi, tushlikda issiq ovqat, choy tashkil qilib beradi. O‘yin-kulgi qilib, qo‘shiq aytib ishlaymiz. Halol mehnat qilayotganimizdan faxrlanamiz», — deydi Gavhar G‘iyosova.

15 nafar xotin-qiz o‘zaro bir guruh bo‘lib olishgan. Hududdagi qaysi fermerning ishi bo‘lsa, guruh rahbariga murojaat qiladi va narx kelishiladi. Chopiqchilarni dalaga olib borib, uyiga keltirib qo‘yish fermerning zimmasida.

«Ertalab soat 6:00da ishga kelamiz va 11:00gacha ishlaymiz. So‘ng soat 16:00gacha dam olamiz. G‘o‘za qatorini 10-12 ming so‘mdan chopyapmiz. Havo juda isib ketsa, soyaga chiqamiz. Aslida, shamol bo‘lib turgani uchun dalada issiq unchalik bilinmaydi», — deydi chopiqchilardan yana biri Zilola G‘iyosova.

Gulnoza Rajabova esa o‘g‘li Ulug‘bek Obidov to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lgani, dalada mehnat qilib, o‘g‘lining bilim olishi uchun hissa qo‘shayotganini aytib o‘tdi.  

Xulosa qilib aytganda, jaziramada ketmon chopayotgan bu xotin-qizlarning mehnati, halol rizq topaman, deya harakat qilishi tahsinga loyiq.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.  

Top