09:15 / 09.06.2021
3993
Mo‘g‘ulistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

9 iyunda Mo‘g‘ulistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu saylovlar mamlakat konstitutsiyasiga prezidentlik muddati bilan bog‘liq o‘zgarishlar kiritilgandan keyin birinchisi bo‘ladi.

Bungacha mamlakat prezidenti 4 yilga saylangan va yana bir muddatga qayta saylanishi mumkin bo‘lgan. O‘zgarishlarga ko‘ra, endi Mo‘g‘uliston prezidenti o‘z lavozimini 6 yillik bir muddatga egallay oladi. Shu sababli 2017 yilda mamlakat prezidenti etib saylangan Xaltmaagiyn Battulga joriy saylovlarda ishtirok eta olmagan.

Saylovlar mahalliy vaqt bilan soat 7da boshlangan va 22gacha davom etadi. Unda 2,15 mlndan ko‘proq fuqaro ishtirok eta oladi. Prezident lavozimi uchun uch nomzod kurash olib boradi: mamlakatning sobiq bosh vaziri, hukmron Mo‘g‘uliston xalq partiyasi raisi Uxnaagiyn Xurelsux, muxolif Demokratik partiyaning sobiq raisi Sodnomzunduyn Erdene va parlamentning sobiq deputati, O‘ng saylovchilar koalitsiyasi vakili Dangaasurengiyn Enxbat.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, prezident saylovlarining favoriti Uxnaagiyn Xurelsux hisoblanadi. U raislik qiladigan partiya 2020 yil iyunda mamlakat parlamenti – Buyuk davlat xuraliga saylovlarda g‘alaba qozonib, parlamentdagi 76 o‘rindan 62tasini egallagan.

Saylovlarda 50 foizdan ortiq ovoz yig‘adigan nomzod g‘olib deb tan olinadi. Agar nomzodlardan birortasi bunday natijaga erisha olmasa, unda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod ishtirokida 2-bosqich bo‘lib o‘tadi.

Top