15:16 / 09.06.2021
5381
Yevro-2020 oldidan: Germaniya turnirga qay daraja tayyor?

Yevropa chempionati oldidan favoritlar haqidagi fikrlarimizni Germaniya milliy jamoasi bilan davom ettiramiz. Shubhasiz, nemislar doim o‘zlari qatnashgan har bir musobaqaning favoritlari qatorida bo‘lib kelishgan.

Ularga qarshi o‘yin o‘tkazish raqiblarni har qachon tahlikaga solgan va chuqurroq o‘ylashga majbur etgan. So‘nggi mundialdagi omadsizlikdan so‘ng, ularni hisobdan chiqaruvchilar qattiq yanglishadi. Yevro-2020 Yoahim Lyovning so‘nggi turniri bo‘lgani uchun ham Germaniya g‘alaba qozonishi kerak. Biroq aynan shu jihat ularning zarariga ishlab qolishi ham mumkin. Xullas, ushbu maqolada «nemis mashinasi»ning kuchli va ojiz jihatlariga e'tiboringizni qaratamiz, ularning Yevropa birinchiligidagi imkoniyatlarini muhokama qilamiz.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Germaniya musobaqaning ko‘p karra g‘olibi va sovrindori sanaladi. Yevropa chempionatida 3 marotaba zafar quchgan. Bunday natija ulardan tashqari faqat Ispaniyada bor. Biroq nemislarda bu titullarga qo‘shimcha 4ta jahon chempionligi ham bor.

Ular Rossiyaga amaldagi jahon chempioni va so‘nggi 7ta katta turnirning barchasida yarimfinalgacha yetib borgan jamoa sifatida borgandi: Jahon chempionati, Yevropa chempionati va Konfederatsiyalar kubogi shular jumlasidan. Bir yil avval, ikkinchi tarkibi bilan Konfederatsiyalar kubogini yutib ketgan, saralashdagi barcha 10ta o‘yinda g‘alabaga erishgan olmonlarning Rossiyadagi mundialda birdan muvaffaqiyatsizlikka uchrashi hammani hayratda qoldirdi.

Millatlar ligasining joriy mavsumidagi holat ko‘rsatib qo‘ydiki, Germaniya milliy jamoasi yangilanishga muhtoj. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Germaniyaning afsonaviy murabbiyi bo‘lib qoladigan Lyov buni to‘g‘ri tushundi va Yevro-2020dan so‘ng, iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Uning o‘rniga yaqin do‘sti, uzoq yillar milliy jamoada unga assistentlik qilgan Hans-Diter Flik murabbiylik postiga kelmoqda. Demakki, nemis iqtidorlari o‘yin uslubining butkul o‘zgarib ketishidan xavotirga tushmasalar ham bo‘laveradi. Taktika biroz takomillashadi, umuman Flikning tajribasiga ishongan holda murabbiy almashishi ularga yordam berishiga ishonish mumkin.

Murabbiy mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tamiz. Keling, avvalo, chiziqlardagi yetakchilar bilan tanishib chiqamiz.  

Darvoza: Manuel Noyyer

Noyyer uchun asosiy tarkibda o‘tkazishi mumkin bo‘lgan so‘nggi musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda. Sababi, uning raqobatchisi Mark Andre Ter-Shtegen kundan-kunga kuchayib bormoqda. Ushbu musobaqa oldidan Mark jamoadoshiga to‘liq va xotirjam o‘ynash imkoniyatini taqdim etib, barcha uchun foydali yo‘lni tanladi. Mavsum davomida ortga surib kelgan tizza operatsiyasini mavsum yakunlanishi bilanoq amalga oshirdi. Bu uning yangi mavsum boshigacha safga qaytishiga ko‘mak beradi. Germaniyada esa hozircha Noyyer bor va uning yo‘qligini bilintirmaslikka harakat qiladi.

Bundesliga joriy mavsumida 24ta «quruq» o‘yin o‘tkazgan 35 yoshli kiper turnirni yuqori saviyada o‘tkazishga tayyor holatda.

Himoya chizig‘i: Joshua Kimmix

Filipp Lam faoliyatini yakunlagach, uning o‘rnini asli yarimhimoyachi bo‘lgan Kimmix munosib to‘ldira oldi. O‘ng qanotdagi mazmunli o‘yinidan tashqari, u hamon dunyoning eng zo‘r tayanch yarimhimoyachilaridan biri hisoblanadi. «Bavariya» tarkibida ham u va Goretska jamoaning himoyadan chiqib ketish jarayonini nazorat qiladi. Leon raqib hujumini to‘xtatishda, uni buzishda benazir bo‘lsa, Kimmixning birinchi pasi myunxenliklar namoyish etadigan futbolning asosini tashkil etadi.

Joshuada Bundesliga o‘tgan mavsumida o‘tkazgan 33ta uchrashuvda 14ta assist mavjud. U tayanch zonasi va himoyada to‘p tepishini yana bir bor ta'kidlab o‘tmoqchimiz...

Yarimhimoya: Serj Gnabri

Qanot yarimhimoyachisi faoliyati avvalidagi og‘ir davrlarni matonat bilan bosib o‘tgani tufayli bugungi kuchli darajasiga chiqib oldi. Leroy Sane bilan «Bavariya» qanotlarini bo‘lishib olgan Serj Germaniya milliy jamoasida ham klubidagi ishini davom ettirishi mumkin.

Bundesligada yakunlangan mavsumda Gnabri 20ta bellashuvda maydonga tushib, 15ta gol urishga erishdi. Samaradorlik masalasi hamon eng yuqori cho‘qqisida. 25 yoshli futbolchining muayyan pozitsiyasi mavjud emasligi sabab guruhdagi raqiblar ancha qiynalishi tabiiy. Fransiya va Portugaliya kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘ynash unga faqat motivatsiya beradi.

Hujum: Timo Verner

Vernerning «Chelsi»dagi o‘yiniga qarab uning salohiyatiga baho berish – Yevropa chempionatida Germaniyaga raqiblik qiladigan jamoalar tomonidan qilingan eng katta xatoga aylanishi mumkin. Umuman olganda, londonliklar tarkibida ham Timoning qiladigan aniq ishlari borki, uni doimiy tartibda maydonga tushirdilar. Unga «Liverpul»dagi Firmino, deb ta'rif bersak to‘g‘ri bo‘ladi, nazarimda. Vernerga doir raqamlarga e'tiboringizni qaratmoqchimiz. U «Leypsig» tarkibida 159ta o‘yinda 95ta gol urib, Londonga yo‘l oldi. Bu yerdagi ilk mavsumida esa barcha turnirlarda 50ta uchrashuv o‘tkazib, 12ta gol kiritdi. Ularning atigi 6tasi Premer-liga hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Milliy jamoada shu paytga qadar 35ta o‘yinda maydonga tushgan forvard 15ta golni hisobiga yozdirib qo‘yishga erishgan.

Murabbiy va uning taktikasi

Germaniyalik mutaxassis jamoasini 2 marta Yevropa chempionati yarimfinali, bir bor finaliga olib keldi. 2 marta jahon chempionati yarimfinalida o‘ynadi, 2014 yilda mundial g‘olibiga aylandi. Afsuski, ushbu turnir Lyov uchun Germaniya milliy jamoasi murabbiyligidagi so‘nggisi bo‘ladi. Bu haqda u oldindan ma'lum qildi. Ba'zida bu yaxshi effekt beradi. 2013 yilda Yupp Haynkes mavsum yakunlangach, murabbiylik faoliyatini to‘xtatishini ma'lum qilib bo‘lgandi. Yakunda, u va jamoasi klub tarixidagi ilk treblni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi.

2018 yilda Arsen Venger ham Yevropa ligasi finali va APL mavsumi yakuni avvalidan jamoani tark etishini e'lon qildi. Buning ortidan, jamoadagi vaziyat butkul izidan chiqib, «Arsenal»ni tanib bo‘lmay qoldi. Shunday ekan, bu jihat har ikki tomonga ham og‘ib ketishi mumkin.

Yurgen Klinsmanndan so‘ng, milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangan Yoahim 15 yillik faoliyatida Germaniya futbolida yangi sahifa ochdi. Dastavval, uning romantik futbolini qoralovchilar ko‘p bo‘ldi. Ammo u nemischa aniqlik va ehtiyotkorlikni texnik jihatdan jozibali futbolga qorishtirib yangi Germaniyani dunyoga ko‘z-ko‘z qildi. Bu orqali nemislar o‘yin tomoshabopligi bo‘yicha dunyoda dovrug‘ qozondi. Tan olish lozimki, avlodlar almashinuvi Germaniyani ancha qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Ayniqsa, qanot himoyasidagi futbolchilar qolganlardan ko‘ra zaifroq ko‘rinmoqda. Halstenberg va Klostermann kabi futbolchilar o‘z klublarida qanchalik katta o‘rin tutmasinlar, Yevropa chempionatida Germaniya futbolchisidan boshqacharoq daraja kutiladi.

Vingerlar orqali qarshi hujum tashkil etish bugungi Germaniyaning asosiy kuchi bo‘lib turibdi. Kroosning olisdan beradigan zarbalaridan raqiblari xushyor bo‘lishga majbur. Bu darvozabonlar uchun haqiqiy sinov bo‘ladi.

Raqamlar

Nemislar saralash bosqichini 9ta g‘alaba bilan yakunladi. Birgina mag‘lubiyat Niderlandiyadan qabul qilib olingan. Guruhni 1-o‘rin bilan yakunlashdi. Yakuniy saralash bosqichida Lyov shogirdlari 30ta gol urib, 7ta to‘pni o‘z darvozalaridan olib chiqishdi.

Barcha musobaqalardagi so‘nggi 10ta o‘yinda «nemis mashinasi» u qadar barqaror emas: 6ta g‘alaba, 3ta durang va 1ta mag‘lubiyat.

Yevropa chempionatida ular «o‘lim guruhi»dan o‘rin olganlar. Bu guruhdan chiqishning o‘zi har bir jamoa uchun katta yutuq bo‘ladi. Ha, eng yaxshi uchinchi o‘rinlar ham keyingi bosqichga yo‘l oladi. Ammo Germaniya darajasidagi jamoalar o‘zlariga eng yaxshi uchinchi o‘rinlarning ochkolarini hisoblab o‘tirishni munosib ko‘risharmikan?!

Oz qoldi, barchasini maydonda ko‘rib olamiz!

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Top