Sport | 21:14 / 14.07.2021
17213
11 daqiqa o‘qiladi

Yevroda o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar. Ular endi top-klublarda paydo bo‘lishi mumkin

Yevro-2020 guruh bosqichi o‘yinlaridayoq futbol olami yangi nomlar bilan tanishishdi. Pley-offlarda bu futbolchilar ishonchli o‘yin ko‘rsatishda davom etishdi va endi bu chempionat ularning faoliyatida tramplin vazifasini o‘tashi mumkin.

Jyeremi Doku («Renn», Belgiya)

Uch yil muqaddam ushbu yosh belgiyalik o‘z mamlakati milliy jamoasining mundialdagi o‘yinlarini televizor orqali tomosha qilgan, endi esa shu jamoa bilan Yevroga yo‘l oldi va maydonni yondirdi. Doku ayniqsa chorakfinalda Italiyaga qarshi o‘yinda porladi, bosh murabbiy Roberto Martines Jyeremi ko‘p yillardan buyon yuqori darajada to‘p surib kelgan futbolchilar kabi harakat qilganini e'tirof etdi. Ma'lum bo‘lishicha, 16 yoshida Doku «Liverpul» safiga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan, ammo o‘shanda belgiyalik iqtidor katta jamoaga o‘tishga ruhan tayyor bo‘lmagan va ingliz klubi taklifini rad etib, Fransiyaning «Renn» klubi bilan shartnoma imzolagan. Hozirda u yana top-klublar e'tiborini o‘ziga qaratdi. Masalan, Germaniyadagi nashrlar uni Myunxenning «Bavariya» klubi a'zosiga aylantirishmoqda.

Denzel Dumfris («PSV», Niderlandiya)

25 yoshli niderland Yevropa chempionatida kuchli o‘yin namoyish etib, guruh bosqichida Ukraina va Avstriya termalari darvozalarini ishg‘ol etdi, penalti ishladi, bu o‘yinlarda o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi. Ushbu fulbek niderlandiyaliklar hujumidagi asosiy tahdidga aylandi. Dumfris barcha o‘yinlarda hujumlarga faol qo‘shildi, ikkinchi qavatdagi kurashlarda ishonch bilan harakat qildi. Ulkan hajmdagi ishni bajarish, texnika va himoyachi pozitsiyasi uchun noodatiy bo‘lgan kreativlik - unga katta qiziqish uyg‘otdi. Yevropa chempionati guruh bosqichi o‘yinlaridan keyinoq unga «Bavariya» asosiy da'vogarga aylandi. «Inter» esa Denzelni «PSJ»ga yo‘l olgan Hakimiga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Dumfrisning PSV bilan shartnomasida 15 mln yevro miqdorida badal puli ko‘rsatilgan, shu tufayli u joriy transferlar oynasida Yevropaning qaysidir top-klubi tomonidan olib ketilishini taxmin qilish qiyinmas.

Mikkel Damsgor («Sampdoriya», Daniya)

Rossiya bilan o‘yinda uzoq masofadan darvoza to‘rini ishg‘ol qilganida Damsgor 20 yoshu 353 kunlik edi va u terma jamoasining Yevropa chempionatlarida gol urgan eng yosh futbolchisi bo‘ldi. Angliyaga qarshi kechgan yarimfinal o‘yinida Mikkel joriy Yevropa chempionatida jarimadan urilgan yagona gol muallifiga aylandi. Endi unga «Barselona» va «Milan» klublari ko‘z tikmoqda, ammo «Sampdoriya» sport direktori Karlo Osti uni hozircha hech qayerga qo‘yib yubormoqchi emasligini aytmoqda. U talantli futbolchi Genuyada yana bir mavsum qolishini istamoqda, ammo Damsgor uchun 30-40 mln yevro to‘lashga tayyor klub uni olib ketishi qiyin bo‘lmaydi.

Manuel Lokatelli («Sassuolo», Italiya)

Besh yil muqaddam 18 yoshda bo‘lgan ushbu italiyalik «Milan»ning asosiy tarkibida debyut qilgan, ammo ko‘p vaqt o‘tmay «rossoneri» uning xizmatlaridan voz kechib, uni «Sassuolo»ga sotib yuborgan. Bu klubda u yetakchi va sardorga aylandi, tayanch yarimhimoyasida ishonchli o‘yinlari bilan ko‘zga tushdi, ammo Manchini uning hujumdagi qobiliyatlarini kashf etdi. Yevro-2020da Lokatelli chinakamiga porladi, haqiqiy universallar kabi o‘ynab, raqiblardan to‘pni olib qo‘yishdan va hujumlar tashkil etishdan tinmadi va endi u bir oyog‘i bilan «Yuventus»da bo‘lib turibdi. Qolaversa, unga «Arsenal» qiziqish bildirmoqda. Ammo Manuel faoliyatini Italiyada davom ettirishni maqsad qilgan. Yaqin vaqtlar ichida «Sassuolo» rahbariyati turinliklar bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi, unda Lokatellining kelajagi masalasi hal qilinadi.

Patrik Shik («Bayyer», Chexiya)

Foto: PETR JOSEK/GETTY IMAGES

Shik Yevro-2020ni kutilganidan ancha kuchli o‘tkazdi, uning terma jamoasi ham. Patrik Ronaldu kabi beshta gol urdi, ammo portugaliyalik yulduz bir golli pasi evaziga turnirning eng yaxshi to‘purari sifatida taqdirlandi. Lekin Shik turnirning eng chiroyli goli muallifiga aylandi - Shotlandiyaga qarshi o‘yinda maydonning ikkinchi qismidan turib darvozani ishg‘ol etdi. Hozirda Shikka «Milan» faol ravishda qiziqish bildirmoqda. Chexiyalik hujumchi A Seriyaga qaytish ehtimoli yuqori, u avval «Sampdoriya» va «Roma» kabi klublarda o‘ynagan. Nemislar bu futbolchi uchun 40 mln yevro istamoqda, «Milan» esa Chempionlar ligasi uchun tarkibni kuchaytirish maqsadida bunday katta summalarni to‘lashga tayyor.

Aleksander Isak («Real Sosedad», Shvetsiya)

Shvedlar turnirni 1/8 finalda tark etishdi, jamoadagi asosiy  ijrochi esa Emil Forsberg bo‘ldi. Ammo 21 yoshli Isak ham jamoasi guruh bosqichidan chiqishida munosib hissa qo‘shdi, Yevro-2020da gol urolmagan bo‘lsa-da, hujumlarda foydali bo‘ldi, hujumlarni aynan u tashkil etdi, jamoa o‘yini u orqali qurildi. Ibrahimovich uni bejiz «yangi Zlatan» deb atamaganini isbotladi. Uni chindan ham katta kelajak kutmoqda. Shu vaqtgacha faqat Ispaniya chempionati muxlislari uchun tanish bo‘lgan hujumchiga endi «Liverpul», «Manchester Siti» va «Real» kabi klublar da'vogar bo‘lmoqda, ammo Isak hozircha «Real Sosedad»da qolishni ixtiyor etmoqda va ispan klubi bilan yangi besh yillik shartnoma imzoladi.

Roman Yaremchuk («Gent», Ukraina)

Ukrainalik hujumchi Belgiyada mavsumni a'lo darajada o‘tkazdi (41 o‘yinda 22 gol), Yevropa chempionatida Niderlandiya va Shimoliy Makedoniya jamoalariga bittadan gol urdi, Yarmolenko bilan terma jamoada hujum tandemini tashkil qildi. Guruh bosqichidagi o‘yinlaridan keyinoq unga «Milan» e'tibor qaratdi, ammo hozirda, jurnalist Janluka Di Marsioning ma'lumotiga ko‘ra, Yaremchuk va uning vakillari «Benfika» bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Uning vakillari Belgiyadagi to‘rt yildan keyin Portugaliyaga yo‘l olishni mantiqiy qadam sifatida baholashmoqda.

Yoakim Mehle («Atalanta», Daniya)

Daniyalik himoyachi Daniyaning kutilmagan qahramonlaridan biriga aylandi. U ikki o‘yinda gol urdi, Chexiya bilan o‘yinda gollardan biriga uzatma muallifi bo‘ldi. Angliyaliklar bilan o‘yinga qadar Mehle Daniya safida darvoza sohasiga aniq yo‘llangan zarbalar soni bo‘yicha yetakchi edi, endi u milliy jamoa tarkibining ajralmas qismiga aylandi. Yevro-2020da bunday muvaffaqiyatli ishtirok  etishida «Atalanta» jamoasi bosh murabbiyi Jan Pero Gasperinining ham xizmatlari bor. Mehle Bergamoga shu yil qishida kelgandi, shu tufayli uni klub shu yozdayoq transfer qilishini kutish qiyin.

Robin Gosens («Atalanta», Germaniya)

Foto: ALEXANDER HASSENSTEIN/GETTY IMAGES

«Atalanta»ning yana bir futbolchisi Yevropa chempionatida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Gosens Portugaliyaga qarshi o‘yindagi to‘rt golning barchasida ishtirok etdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘ldi. Aynan shu o‘yindan keyin Robinga «Barselona» va «Yuventus» e'tibor qaratdi. Turinliklar ushbu futbolchini tarkibga qo‘shib olishga ahd qilgan, ammo «Atalanta» Gosens uchun kamida 40 mln yevro talab qilmoqda. Futbolchining o‘zi faoliyatini keyingi bosqichga ko‘taruvchi qiziqarli taklif kelib tushsa, o‘ylab ko‘rishini aytib o‘tgan.

Dani Olmo («RB Leypsig», Ispaniya)

Olmo yarimfinalda Italiya darvozasiga penaltilar seriyasida gol ura olmagan bo‘lsa-da, aynan u ispanlarning Xorvatiya ustidan g‘alabasini ta'minlagandi, u Yevroda qo‘shimcha bo‘limlarda ikki golli pas bergan ilk futbolchiga aylandi. Milliy jamoa turnirni ertaroq tark etgan bo‘lsa-da, Dani Ispaniya kelajagi ishonchli futbolchilarda ekanini ko‘rsatib berdi. Italiyadagi Corriere dello Sport gazetasi xabariga ko‘ra, bu yozda Olmo uchun «Barselona» va «Real» jamoalari o‘rtasida kurash kechadi.

Kalvin Fillips (Angliya)

Kalvin Fillips Angliya termasiga bir yil oldin chaqiruv olgandi, Yevro-2020da u kutilmaganda asosiy markaziy yarimhimoyachiga aylandi. Unga qadar bu pozitsiya Jordan Hendersonniki edi. Ammo Fillips shu qadar kuchli o‘yin ko‘rsatdiki, maydon markazini o‘ziniki qildi va Sautgeytda tanlov qoldirmadi. Bundan tashqari, Fillips – angliyaliklarning barcha o‘yinlarida to‘liq harakat qildi, turnirda eng ko‘p yugurgan futbolchilardan biri bo‘ldi - 82,99 km (Jorjinodan keyin ikkinchi). Milliy jamoada eng ko‘p hajmda ish bajargan futbolchi aynan «Lids» a'zosi bo‘ldi. Endi uning agentini juda ko‘plab qo‘ng‘iroqlar kutmoqda.

Domeniko Berardi (Italiya)

Roberto Manchini qanday qilib bunday kuchli jamoa tuzganini ko‘pchilik tushunayotgani yo‘q. Uning asosiy qurollaridan biri butun faoliyatini «Sassuolo»da o‘tkazmoqda – aynan Domeniko Berardi kutilmaganda Italiya hujumi yetakchilaridan biriga aylandi. U hujum chizig‘ida Immobile va Insine bilan yaxshi hamkorlik qildi va 1 gol urib, 1 golga uzatma berdi. Yevro-2020da asosiy tarkibning ajralmas futbolchisiga aylana olmagan bo‘lsa-da, «Milan» uning transferi uchun pul tayyorlamoqda, futbolchi uchun asosiysi – katta klubda ham barqaror o‘ynashda davom etish.
 

Mavzuga oid