16:50 / 10.06.2021
1533
Urgutda Tojikiston hisobidan qurilgan maktab ochildi

Samarqand viloyati Urgut tumanida Tojikiston hisobidan qurilgan maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun Urgut tumani «Mergancha» mavzesida Tojikiston mablag‘lari hisobidan qurilgan maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Unda Tojikiston fan va ta'lim vaziri Muhammadyusuf Imomzoda, O‘zbekiston respublikasi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari hamda Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari qatnashgan.

Qayd etilishicha, mazkur maktabning ochilish marosimini hozirda Dushanbe shahrida davlat tashrifida bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon maxsus tugmalarni bosib, ochib bergan.

Ta'kidlanishicha, mazkur 154-maktab 640 o‘rinli bo‘lib, u zamon talablari asosida barpo etilgan. Maktab binosi uch qavatli qilib qurilgan.Unda 26 ta o‘quv xonalari, kimyo, biologiya, fizika xonalari, AKT, sport zali va oshxona mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda O‘zbekiston hisobidan, O‘zbekistonda Tojikiston hisobidan maktab qurib berish haqida kelishuv Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9–10 mart kunlarida Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida imzolangandi. Tojikistonning So‘g‘d viloyati Spitamen tumanida O‘zbekiston hisobidan qurilgan 640 o‘rinli maktab 2020 yil 20 sentyabrda ochilgan edi.

Top