13:36 / 11.06.2021
4014
Bitiruvchi talabalarga diplom olish uchun korxonalardan shartnoma olib kelishni ta'minlash vazifasi yuklatilmagan - Senat

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilaridan biror tashkilot yoki korxonadan uch tomonlama shartnoma tasdiqlatib kelishi talab etilayotgani bilan bog‘liq holatlar keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.

Senat Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminovning ma'lum qilishicha, qo‘mita tomonidan mazkur holat yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga so‘rov yuborilgan. Ushbu so‘rovga Vazirlik o‘z javobini bildirdi.

Unda qayd etilishicha, oliy ta'lim muassasalariga bitiruvchi kurs talabalaridan diplom olish uchun ish beruvchi korxonalardan shartnoma olib kelishi yuzasidan topshiriq berilmagan. Biroq ayrim oliy ta'lim muassasalarida talabalardan ish beruvchi korxonalardan shartnoma talab qilinayotgan holatlar bo‘lsa Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi “Ishonch” telefonlariga murojaat qilish mumkinligi ma'lum qilingan.

Mazkur masala yuzasidan turli e'tirozlar yuzaga kelmasligi uchun oliy ta'lim muassasalari rahbariyati va mas'ul shaxslar qat'iy ogohlantirilgan.

“Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, kelajagimiz egalari bo‘lmish yosh avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doimiy e'tiborimiz markazida bo‘lishi lozim”, deydi Odiljon Iminov.

Top