O‘zbekiston | 17:59 / 15.11.2025
11687
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha yangi qonun imzolandi

O‘zbekiston Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani ratifikatsiya qildi. Tegishli qonun 11 noyabr kuni prezident tomonidan imzolandi. Huquqshunos Umid Sobirov bu konvensiyaga qo‘shilish O‘zbekiston uchun nimani anglatishi haqida Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

Foto: Pexels

Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya (Parij, 2019 yil 25 noyabr) – oliy ta’lim malakalarini xalqaro tan olishni tartibga soluvchi hujjat hisoblanib, talaba va mutaxassislarning chet elda olingan diplomlarini boshqa mamlakatlarda adolatli va shaffof ravishda tan olishga xizmat qiladi.

YuNESKO rasmiy sahifasida mavjud ma’lumotlarga tayanilsa, hozirgacha 38 davlat ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Ular orasida Buyuk Britaniya (90 ta universiteti TOP-1000 talikka kiradi), Yaponiya (47 ta), Fransiya (35 ta), Finlandiya (9 ta) va Shvetsiya (8 ta) kabi davlatlar mavjud.

Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy ta’lim tizimlarining global hamjamiyatga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish, mutaxassis va talabalar mobilligini kengaytirish hamda ta’lim standartlarini uyg‘unlashtirishdan iborat.

Konvensiya bir qancha muhim tamoyillarga tayanadi. Birinchidan, har bir malaka yoki olingan daraja (diplom) aniq me’yorlarga asoslanib baholanishi va tan olinishi kerak.

Ikkinchidan, muayyan sababga ko‘ra, to‘liq diplom tan olinmagan taqdirda, o‘qilgan fanlar yoki kreditlar qisman tan olinishi lozim.

Uchinchidan, ma’lumotlardan erkin foydalanish, ya’ni davlatlar o‘z oliy ta’lim tizimi va universitetlari haqida keng jamoatchilik uchun ma’lumot taqdim etishi shart.

Bundan tashqari, Konvensiyaga a’zo davlatlar o‘zaro bir-biri bilan hamkorlik qilib, talabalar va olimlar mobilligi uchun shart-sharoitlarni yaxshilab borishi lozim.

Konvensiyaga qo‘shilish O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar beradi?

Konvensiyaning ratifikatsiyasi bir qator imkoniyatlar yaratishi mumkin. Jumladan, chet el diplomlarini tan olish osonlashadi. Xorijda tahsil olgan talaba va mutaxassislar o‘zlarining xorijda olgan diplomlarini yoki malakalarini adolatli va tezroq tan oldirishga erishishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, konvensiya ratifikatsiya qilinishi talabalar va olimlarning mobilligi kengayishiga xizmat qilishi, ya’ni butun dunyo bo‘ylab ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni erkin davom ettirish imkoniyati oshishirishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston universitetlari xalqaro hamkorlikni kuchaytirgan holda qo‘shma diplom dasturlari, ilmiy loyihalar va xalqaro konferensiyalar faoliyati yanada rivojlanadi. Bu o‘z navbatida universal tamoyillarni joriy qilish orqali milliy oliy ta’lim tizimining xalqaro standartlarga moslashishiga va raqobatbardoshligi oshishiga xizmat qilishi mumkin.

Shunday qilib, Konvensiya nafaqat O‘zbekiston yoshlari va mutaxassislariga global miqyosda o‘qish va ilmiy tadqiqot imkoniyatlarini kengaytiradi, balki milliy ta’lim tizimini xalqaro maydonga olib chiqishga xizmat qiladi. Konvensiyani ratifikatsiya qilish orqali O‘zbekiston xalqaro ta’lim hamjamiyatida ishonchli hamkor sifatida tan olinadi.

Xorijiy oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid arizalar yildan yilga oshib borayotgan hozirgi davrda mazkur qonunning qabul qilinishi – xorijda olingan diplom va malakalarni tan olish jarayoni yanada yengillashishiga, talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning xalqaro miqyosda erkin harakatlanishiga keng imkoniyat yaratadi, deb umid qilamiz.

Umid Sobirov,
TDYuU o‘qituvchisi

Mavzuga oid