12:55 / 12.06.2021
1046
O‘qishga kiritib qo‘yish evaziga fuqarodan pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida fuqaroni O‘sh davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning O‘zbekiston tumani bo‘limlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, tadbir davomida fuqaro Sh.G‘. boshqa bir fuqaro S.ning ishonchiga kirib, uni Qirg‘iz Respublikasi O‘sh davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 600 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Marg‘ilon shahrida tabiiy gaz tarmog‘i o‘tkazib berish maqsadida aholidan yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirib yuborgan firibgarlar qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan edi.

Top