01:01 / 16.06.2021
32285
O‘zbekiston JCh saralashlaridagi eng yomon natijasini qayd etdi

Osiyo qit'asida JCh-2022 saralashi doirasida 2-bosqich bahslari yakuniga yetdi. O‘zbekiston milliy jamoasi 3-bosqichga chiqish yo‘lidagi hal qiluvchi o‘yinda safarda Saudiya Arabistoniga yirik hisobda yutqazdi va o‘z tarixida ilk bor 2-bosqichdayoq JCh yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi. 

Ar-Riyodda kechgan uchrashuv saudiyaliklarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Birinchi bo‘limda Salmon al-Faraj dubl qayd etgan bo‘lsa, Ali al-Hassan ikkinchi bo‘lim boshida amalda o‘yin masalasini hal qildi.

Shu tariqa O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk marta Jahon chempionatlari saralashi doirasida 3-bosqichga chiqa olmadi. Mazkur o‘yinda o‘zbekistonliklarni durang natija ham qoniqtirardi. Saudiya esa o‘yin natijasidan qat'i nazar keyingi bosqichga yo‘l olardi.

O‘zbekiston D guruhida 8 o‘yinda 5 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat qayd etib, 15 ochko jamg‘ardi.

Ammo H guruhida Shimoliy Koreya milliy jamoasi turnirdagi ishtirokini to‘xtatishi qolgan barcha guruhlardagi vaziyatga ta'sir etdi. Aynan KXDR saralash bosqichini tark etgach, FIFA barcha guruhlardagi so‘nggi 5-o‘rinni egallagan jamoalar bilan natijalar bekor qilinishi haqida qaror qilgandi. Natijada O‘zbekistonning Yaman bilan o‘yindagi natijalari (5:0, 1:0) bekor qilindi va jamoaning ochkolari 9taga tushib qoldi. Bu esa guruhlardagi ikkinchi o‘rinlar o‘rtasidagi eng yomon natijalardan biri bo‘ldi.

JCh-2022 saralashi. D guruhi. 10-tur

Saudiya Arabistoni — O‘zbekiston 3:0
Gollar: 
Al Faraj (25, 33), Al Hassan (52). 
Saudiya Arabistoni — Muhammad Al Ovays, Sulton Al G‘anim, Abdulla Madu, Yosir Ash Shaxroni, Hassan At Tambakti (Muhammad Al Habrani, 78), Salmon Al Faraj,  Ali Al Hassan (Sami An Naji, 54), Ibrohim Otayf, Holid Ash Shahri (Firas Al Birakan, 64), Abdulloh G‘arib (Saud Abdul Hamid, 78), Muhammad Xalil Al Ovays. 
O‘zbekiston — Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov, Rustam Ashurmatov, Odil Hamrobekov (Ikrom Aliboyev, 54), Otabek Shukurov, Odil Ahmedov (Islom To‘xtaxo‘jayev, 80), Jaloliddin Masharipov, Oleg Zoteyev, Eldor Shomurodov, Vagiz Galiulin (Doston Hamdamov 54, Farrux Ikromov 80), Ibrohimxalil Yo‘ldoshev (Oybek Bozorov, 54).

Falastin — Yaman 3:0
Gollar: 
Dabbah (43, 84), Hamid (45+3).

Top