21:52 / 20.06.2021
56692

Dollar haqida qiziqarli faktlar. AQSh valutasi tarixi

Eng ko‘p tarqalgan banknota bu - 1 dollarlik. Nashr qilingan banknotalarning deyarli 45 foizini 1 dollarliklar tashkil qiladi. Dollarlar nashr qilinadigan qog‘oz tarkibi 25 foiz zig‘ir va 75 foiz paxtadan iborat. Zamonaviy kupyuralar 4 mingdan ziyod bukilishlarga chidamli hisoblanadi.

Foto: Scott Eells

Bir necha asrlardan beri AQSh dollari xalqaro tijoratning qoni va Qo‘shma Shtatlar qudrati saqlanib turishi uchun barqaror omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Murakkab geoiqtisodiy jarayonlar, globallashuv tendensiyasi va bir qutbli dunyo ko‘p qutbliga aylangan bo‘lsa-da, xalqaro savdoda dollar yetakchiligini saqlab qoldi. Ayni paytda xalqaro hisob-kitob operatsiyalarining 60 foizidan ortig‘i hali ham AQSh dollarida amalga oshirilayotgani buning yaqqol isbotidir. Kun.uz boylik ramzlaridan biri bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari dollari haqida hikoya qiladi.

Kelib chiqish tarixi

Dollarning kelib chiqish tarixi haqida ko‘pgina qiziqarli ma'lumotlar bor. «Dollar» so‘zi olmonchadagi «taler» so‘zidan kelib chiqqani aytiladi.

O‘rta asrlarda, dastlab 1519 yilda Germaniyada paydo bo‘lgan kumush tanga nomi «taller» shaklida zarb qilingan. 1873 yilda taller Germaniyada butunlay muomaladan chiqib ketdi. Uning o‘rniga marka kirib kelgan. Biroq uning nomi xalq orasida qolib ketdi. O‘sha paytlarda Angliya va Ispaniya koloniyalarida peso nomi bilan mashhur bo‘lgan ispan tangalari ishlatilgan. Bunday tangalarni ko‘p joylarda adashgan holda «dalar» deb atashar edi. Amerika qit'asi ispanlar koloniyasi bo‘lgani bois bu hududda ispan tangalari ishlatib kelinardi.

Keyinchalik uzoq davom etgan mustaqillik urushlaridan keyin AQSh mustaqil bo‘ladi va milliy valutani yaratish hayotiy zaruratga aylanadi. 1792 yilda Qo‘shma Shtatlarda dastlabki zarbxona tashkil etilgan va AQShning birinchi dollarlari 1794 yilda kumushdan zarb qilingan. Tangalar ko‘lami va tarkibi jihatidan Peru va Meksikada zarb qilingan ispan pullariga o‘xshash edi. Shu bilan bir qatorda, Ispaniya va Meksika pesosi XIX asrning o‘rtalaridagi tangalar to‘g‘risidagi qonunga qadar Amerikada qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib kelgan.

Oltinga bog‘langan valuta

Dollar muomalaga kiritilgan vaqtdan boshlab AQSh hukumati uning qiymatini oltin bilan bog‘lagan. 1792 yilda oltinning bir unsiyasi 19,3 dollar deb belgilangan. 1834 yilda AQShning oltin zaxirasi yetarli bo‘lmagani tufayli unsiya bahosi 20,67 dollarga ko‘tarilgan. Bu qiymat asrlar davomida o‘zgarib borsa-da, dollarning oltin bilan baholanishi va bog‘liqligi saqlanib qolavergan.

Shuningdek, 1792 yilda muomalada bo‘lgan AQSh pulining tarkibidagi sof oltin miqdori 1,6 gr yoki 24,05 gr sof kumushdan tarkib topgan edi. 1834 yilda mazkur oltin tangalar davlatning rasmiy pul birligi sifatida tan olingandan so‘ng uning tarkibidagi sof oltin miqdori 1,5 gr qilib belgilanadi.

AQSh dollari birinchi bo‘lib 1944 yildagi Bretton-Vuds bitimidan keyin xalqaro valuta sifatida tan olinadi va keyinchalik dunyodagi eng ustun valutaga aylandi.

XX asrning 60-yillariga kelib oltin narxi ancha ko‘tarilib ketadi. 1971 yilda prezident Richard Nikson dollarning oltin bilan bog‘liqligiga chek qo‘yadi, bu xabar rasman 1976 yildagina e'lon qilinadi. O‘sha paytda ko‘pchilik tahlilchilar dollarning dunyo bo‘ylab hukmronligiga chek qo‘yildi, oltinga almashilmaydigan valuta o‘z qadrini yo‘qotadi kabi taxminlar bildirishadi. Ammo o‘tgan davr bu prognozlar xatoligini isbotladi.

Valutadagi tasvirlar, $ belgisi tarixi haqida

Dunyodagi eng mashhur valutaning yaratuvchisi nomi Oliver Pollokdir. U inqilob yillarida buxgalteriya daftariga daromad belgisini ko‘rsatish uchun dollar belgisidan foydalangan. Uzun inglizcha ibora «Piece of Eight», ya'ni 1/8 (nimchorak) qog‘ozda o‘chirilgan 8 ga aylanib, oxir-oqibat bizga tanish bo‘lgan dollar belgisi ($) paydo bo‘lgan.

XIX asr oxirlariga qadar AQSh rasmiy valutasida prezidentlarning portretlari tasvirlanmagan. Birinchi dollarlarda yunon va rim mifologiyasi belgilari va mahalliy amerikaliklar ishtirokidagi suratlar bo‘lgan.

Hozirda dollarni 1929 yildagi standartlar bo‘yicha zarb qilishadi. Dunyodagi eng mashhur kupyuralarning ustki ko‘rinishi 1929 yilda tasdiqlangan. O‘sha vaqtda kupyuraning old qismida portret, orqa qismida tarixiy obidalar, arxitektura va tabiat tasvirlanadi, deb ta'sis etilgan.

Dollar haqida qiziqarli 25ta fakt

1. Eng yirik qiymatdagi valuta – 100 ming dollarlik banknotadir. Prezident Richard Nikson bu kupyurani ishlab chiqarishni to‘xtatishni buyurib, eng yuqori nominal banknota 100 dollarlik bo‘lishini belgilab qo‘yadi. 100 ming dollarlik banknota Federal zaxira banklari o‘rtasidagi operatsiyalar uchun mo‘ljallangan edi va hech qachon muomalada bo‘lmagan.

2. Yirtilgan banknotalarni almashtirish mumkin. Buning uchun yozuvlarning yarmidan ko‘pi mavjud bo‘lishi kerak.

3. Birinchi Amerika dollar tangalari 1792 yilda muomalaga chiqarilgan.

4. 1862 yilda AQShning birinchi qog‘oz pullari zarb etiladi. Bu tanga pullar tanqisligi bilan bog‘liq muammoga yechim sifatida ko‘rilgan.

5. Marta Vashington – AQSh valutasida tasvirlangan yagona ayol.

6. Jorj Vashington portreti birinchi marta 1 dollarlik banknotada 1869 yilda aks etgan.

7. Dollar kupyuralarining 94 foizi zararli bakteriyalar bilan ifloslangan.

8. Eng ko‘p tarqalgan banknota bu – 1 dollarlik. Nashr qilingan banknotalarning deyarli 45 foizini 1 dollarliklar tashkil qiladi.

9. «In God We Trust» (Xudoga ishonamiz) iborasi birinchi marta dollar tangalarda Fuqarolar urushi davrida paydo bo‘lgan. 1955 yildan boshlab u barcha banknotalarga bitilgan.

10. Dollar jargonda «baks» deb ham ataladi. Bu so‘z bug‘uning terisi nomidan kelib chiqqan bo‘lib, ingliz tilida bug‘u erkagining nomi – busk. U bir paytlar hindular bilan savdo qilishning asosiy vositasi bo‘lgan.

11. Agar siz banknotani seriya raqami bo‘yicha izlashingiz kerak bo‘lsa, unda «Jorj qayerda?» deb nomlangan sayt borligini bilishingiz kerak va u aynan shu funksiyani bajaradi.

12. 1 dollarlikda AQShning 1-prezidenti Jorj Vashington, 2 dollarlikda 3-prezident Tomas Jyefferson, 5 dollarlikda 16-prezident, Shimol va Janub o‘rtasidagi urush g‘olibi Avraam Linkoln, 10 dollarlikda AQSh asoschilaridan biri, birinchi moliya vaziri Aleksandr Hamilton, 20 dollarlikda 7-prezident Endryu Jyekson, 50 dollarlikda 18-prezident, Fuqarolar urushi qahramoni Uliss Grant, 100 dollarlikda olim, publitsist va mohir diplomat Benjamin Franklin surati tushirilgan.

13. Dollar tangalarning ham o‘z nomlari bor: 1 sentlik — penni, 5 sent — nikel, 10 sent — daym, 25 sent — kvota, 50 sent haf deb yuritiladi.

14. 1 dollarlik banknotadagi piramida ostidagi lotincha jumla (NOVUS ORDO SECLORUM) «asrlarning yangi tartibi» degan ma'noni anglatadi.

15. Taxminan 90 foiz banknotalarda kokain qoldig‘i mavjudligi aniqlangan.

16. 1 dollarlik kupyurada 13ta o‘q, 13ta barg, 13ta yulduz va 13ta chiziq bor. Bu 13ta koloniya ramzi hisoblanadi.

17. Dollarlar juda chidamlidir. Zamonaviy kupyuralar 4 mingdan ziyod bukilishlarga chidaydi.

18. Dollarni ishlab chiqarish uchun zig‘ir va paxta tolalaridan foydalaniladi. Dollarlar nashr qilinadigan qog‘oz tarkibiga 25 foiz zig‘ir, 75 foiz paxta va ko‘p bo‘lmagan hajmda mayda sintetik tolalar kiradi. Bu tolalar ko‘k va qizil rangga ega bo‘lib, butun kupyura ustida ko‘rinib turadi. Banknotning taxminiy og‘irligi – 1 gramm.

19. AQShda har kuni 37 million kupyura bosib chiqariladi va bu 696 million dollarga teng. Biroq xuddi shu miqdordagi banknotalar har kuni qo‘llashga yaroqsiz holga kelgani uchun muomaladan chiqariladi ham.

20. Biz bilgan va ko‘rgan 1, 5, 10, 20, 50, 100 dollarliklardan tashqari 2, 500, 1.000, 5.000, 10.000, 100.000 dollarliklar ham bor. 2 dollarlik juda kam nusxada chiqarilgan bo‘lsa, katta qiymatdagi pullar faqat banklararo to‘lovlarda ishlatilgan. To‘lovlarning elektron tizimi (pul ko‘chirish) yo‘lga qo‘yilgach, bu pullar muomaladan butunlay olingan. Lekin bu banknotlar hali hanuz kimlarningdir qo‘lida bor va ularning numizmatik qiymati nominal qiymatidan bir necha barobar yuqori.

21. 10 dollarlik banknotaning taxminiy umri 3,6 yilni tashkil etadi, 5 dollarlik kupyura 3,8 yil «yashaydi», 1 dollarlik kupyura 4,8 yil, 100 dollarlik kupyura 18 yil davomida muomalada bo‘lishi mumkin.

22. 1942 yildan 1945 yilgacha zarb qilingan besh sentlik tangalarni «nikel» deb atash mumkin emas. Chunki ularning qotishmasi tarkibida shunchaki nikel yo‘q.

23. Dollar eng ko‘p qalbakilashtiriladigan valutadir. Shuning uchun AQShda qalbakilashtirishga qarshi kurashga doim qattiq e'tibor beriladi. Dollar qog‘ozini faqat bitta kompaniya ishlab chiqaradi va bu kompaniyaga AQSh hukumatidan tashqari har qanday joyga mahsulot sotish taqiqlangan. Bo‘yoqlar formulasi AQShning Gravirovka va muhr byurosi siri hisoblanadi. 1990 yildan boshlab dollar himoyasi yanada kuchaytirildi. Unga qo‘shimcha iplar va mikromuhr qo‘yila boshlandi. Har 7-10 yilda banknotlar dizayni o‘zgartirib turiladi. Dollar faqat ikkita fabrikada — Texas va Vashingtonda tayyorlanadi hamda bu korxonalarda uch mingga yaqin xodim ishlaydi.

24. Zarb etilgan pullarning 50 foizgacha qismi AQSh hududidan tashqariga chiqib ketadi.

25. 20 dollarlik kupyurada aks etgan Endryu Jyekson qog‘oz pullarga qarshi bo‘lgan. U faqat oltin va kumush tangalar qonuniy to‘lov vositasi ekanligiga ishongan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Top