10:37 / 21.06.2021
269
Samarqand aeroportida xorijga psixotrop dorilarni olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Samarqand xalqaro aeroportida xorijga psixotrop dorilarni olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand xalqaro aeroporti orqali xorijga chiqib ketmoqchi bo‘lgan fuqaro X.S. chegaradan psixotrop dori vositalarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ushbu fuqaro bojxona nazoratidan o‘tish paytida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, hech qanday hujjatlarsiz jami 119 dona «Fenazepam» nomli psixotrop dori vositalarini olib ketmoqchi ekanligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, ayni kunda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslarda psixotrop moddalar bo‘lsa, uni bojxona chegarasini kesib o‘tishdan oldin deklaratsiyada qayd etishlari shart. Shundan so‘ng bojxona xodimiga jismoniy shaxsning yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan dori vositasining nomi, uning dori shakli va davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjat taqdim etilishi kerak bo‘ladi.

Top