08:22 / 21.06.2021
2841
To‘rtko‘lda 2,5 ming dollarni totalizatorga yutqazgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida pullarini qimorga yutqazgan fuqaro IIBga yolg‘on ko‘rsatma bilan murojaat qildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 7 iyun kuni To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqaro O.S. IIOga murojaat qilib, tumanda uning hamyoni va ichida bo‘lgan 2 100 AQSh dollari hamda 3 mln 500 ming so‘m pullari noma'lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganligini aytgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tezkor-tergov harakatlari olib borgan. Natijada O.S. ning o‘g‘irlik haqida yolg‘on ko‘rsatmalar berganligi ma'lum bo‘lgan va buni fuqaroning o‘zi ham tan olgan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning may-iyun oylari davomida O.S. o‘ziga tegishli bo‘lgan 2100 AQSh dollari hamda 3 mln 500 ming so‘m pullarini qimor va tavakkalchilikka asoslangan totalizatorga tikib, yutqazib qo‘yganligi aniqlangan. 

Hozirda unga nisbatan JKning 237-moddasi (yolg‘on axborot berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top