Navbatdagi sud majlisida Farmagentlikning sobiq rahbari S.Kariyevni himoya qilayotgan advokatlardan biri ish bo‘yicha guvohlikka chaqirilgan uch kishiga nisbatan jinoyat ishi ochishni so‘radi. Shuningdek, avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan ekspertlar xulosasiga advokatlar tomonidan shubha bildirildi.

Sud majlisida dastlab sudlanuvchi Musayev va Azimovlarning surunkali kasalligi bo‘yicha o‘tkazilgan tibbiy ekspertiza natijalari e’lon qilindi. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, har ikkala sudlanuvchi ham tavsiya etilgan dori-darmonlarni qabul qilib turishi maqsadga muvofiq. Ammo ularning ayni paytdagi holati ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashga monelik qilmaydi.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari S.Kariyevning advokati Temur Rahmatov masalaga daxldor 3 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi. Ulardan biri Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida yuqori lavozimlarda, xususan S.Kariyev lavozimidan olinganidan so‘ng uning o‘rnini egallagan Ulug‘bek Egamov.

Jinoyat protsessual kodeksining 417-moddasiga asosan uchta iltimosnoma kiritmoqchiman. Birinchisi, sudda so‘roq qilingan Ulug‘bek Egamovga (Farmatsevtika agentligining sobiq rahbarining birinchi o‘rinbosari sifatida, keyinchalik Farmatsevtika agentligi direktori sifatida ishlagan) nisbatan jinoyat ishi ochish haqida prokuraturaga xabarnoma berish to‘g‘risidagi iltimosnoma. Sudda so‘roq qilingan guvohning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlansa, sudning bu haqida xabarnoma berib, ajrim chiqarishi ko‘zda tutilgan. Ulug‘bek Egamovning dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalari, shuningdek, sudlanuvchi A.A.ning unga nisbatan bergan ko‘rsatmasidan xulosa qiladigan bo‘lsak, Ulug‘bek Egamov A.A.ga xizmat vakolatiga kirmagan ish bo‘yicha topshiriq (“Kuraraks” dorisini inspeksion tekshiruvdan olish bo‘yicha) bergani, Telegram'dagi yozishmalaridan ham aniqlangan. Bu haqda skrinshotlar bor. Nimagadir dastlabki tergov Egamovga nisbatan jinoyat ishi qismini bekor ham qilmagan. Bu jinoyat protsessual qonunchiligining qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz. Shu sabab bu haqda prokurorga xabar berish kerak deb o‘ylaymiz”, deydi advokat Rahmatov

Himoyachi jinoyat protsessual kodeksining 417-moddasiga asosan, Ulug‘bek Egamovni mansab-mavqeini suiiste’mol qilganini ta’kidladi. Advokat Temur Rahmatov keyingi iltimosnomasida yana bir guvoh - Farmatsevtika agentligi sobiq rahbarining yordamchisi vazifasida ishlagan Umid Temirovga nisbatan ham jinoyat ishi ochilishini so‘radi. Advokat uni yolg‘on ko‘rsatma bergani va bir qancha hujjatlarni qalbakilashtirganini bildirdi.