08:32 / 21.06.2021
22292

Toshkentda o‘ldirilgan koreyalik O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi murabbiyi bo‘lgan

Toshkentdagi janjalda vafot etgan koreyalik O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi murabbiyi bo‘lgan. Bu haqda poytaxt IIBB ma'lumotida aytiladi.

“2021 yil 15 iyun kuni soat 04:00larda Chilonzor tumanida Janubiy Koreya Respublikasining 44 yoshli fuqarosi K.D. mast holda janjal paytida tanishi - “Taekwondo WTF” assotsiatsiyasida murabbiy bo‘lgan 39 yoshli Janubiy Koreya fuqarosi K.J.Yu.ga pichoq bilan zarba bergan va shu tariqa unga og‘ir tan jarohati yetkazgan”, deyiladi IIBB xabarida.

Avvalroq, IIV huzuridagi Tergov departamenti voqea tafsilotlarini ma'lum qilgandi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 15 iyun kuni soat taxminan 04:00larda Koreya Respublikasi fuqarosi, 44 yoshli K. D. mast holatda Toshkent shahri Chilonzor tumani, Do‘mbirobod 4-tor ko‘chasida joylashgan uylarning birida bo‘la turib, shu yerda bo‘lgan yurtdoshi 40 yoshli K.J. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida o‘tkir tig‘li jismni K.J.ga qarata otib, tan jarohati yetkazgan. 

Natijada, K.J. tan jarohatlari bilan RShTYoIMga olib borilgan. 16 iyun kuni jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.

Shu kuni K.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “D” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayblov e'lon qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Top