16:19 / 27.06.2021
13008
«Eng yirik oltin qazib oluvchilar o‘ntaligi, gaz sotib oluvchiga aylangan O‘zbekiston» – haftaning iqtisodiy xabarlari

Iyun oyining to‘rtinchi haftasida ham mamlakat iqtisodiyotiga oid bir qancha yangiliklar ro‘y berdi. Kun.uz haftaning eng muhim iqtisodiy xabarlarini to‘pladi.

O‘zbekistonda Lada va Renault avtomobillarini yig‘ishni boshlash rejalashtirilmoqda

«Avtovaz» yaqin 12 oy ichida O‘zbekistonda Lada va Renault avtomobillarini yig‘ishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya prezidenti Nikolya Mor jurnalistlar bilan uchrashuvda ma'lum qilgan.

«O‘zbekiston bozorida mavjudligimizni rivojlantirishning oqilona usuli – bu mashina to‘plamlarini o‘sha yerda yig‘ishni boshlashimizdir. Biz yaqin 12 oy ichida dastlab Lada, keyinroq esa Renault rusumli avtomashinalarni yig‘ishni rejalashtiryapmiz», deya ta'kidlagan Nikolya Mor.

O‘zbekiston «Gazprom»ga gaz sotuvchidan sotib oluvchiga aylandi

O‘zbekiston «Gazprom»ga gaz sotuvchidan sotib oluvchiga aylandi. Bu haqda Rossiya konserni yevroobligatsiyalarining chiqarilishi bo‘yicha yangi memorandum hamda tegishli hisobotida xabar berilgan.

O‘zbekiston 2018 yilda «Gazprom»ga 3,8 milliard kubometr gaz yetkazib berdi, 2019 yilda yetkazib berish hajmini 4,9 mlrd kubometrgacha oshirdi, 2020 yilda esa ularni to‘xtatdi. 2021 yilning birinchi choragida o‘zbek gazi Rossiya konserniga yetkazib berilmagani yangi memorandumda tasdiqlangan.

O‘zbekiston va Tojikiston teng ulushga ega bo‘lgan ikkita gidroelektrostansiya quradi

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Tojikiston hududidagi Zarafshon daryosi havzasida ikkita gidroelektrostansiyani birgalikda qurish uchun ochiq aksiyadorlik jamiyatini tashkil etadi.

Stansiyalar qurilishining umumiy qiymati 552 million dollarni tashkil etishi belgilangan. Qayd etilishicha, qurilayotgan stansiyalarda ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasini O‘zbekiston tomoni sotib olishi kutilmoqda.

Birinchi bosqichda yiliga 800 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Yovon» GES quriladi. 140 megavatt quvvatga ega ushbu stansiyaning dastlabki qiymati 282 million dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi bosqichda yiliga o‘rtacha 600 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Fondaryo» GESini qurish imkoniyati o‘rganiladi. 135 megavatt quvvatga ega ushbu stansiyani qurish uchun 270 million dollar ajratish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Forbes’ning eng yirik oltin qazib oluvchilar o‘nligiga kirdi

Qayd etilishicha, 2020 yil O‘zbekistonda birinchi marta 100 tonnadan ziyod (101,6 tonna) oltin qazib olindi. Bu orqali respublika butunjahon reytingida 8-o‘rinni egallab turgan Peruning o‘rnini egalladi. 2019 yilda O‘zbekiston 94,6 tonna oltin qazib olgan edi.

Reytingda 1-o‘rinni o‘tgan yili 368,3 tonna oltin qazib olgan Xitoy egalladi. Keyingi o‘rinni Rossiya (331,1 tonna), 3-o‘rinni Avstraliya (327,8 tonna) band qilgan.

Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, AQSh (190,2 tonna), Kanada (170,6 tonna), Gana (138,7 tonna), Braziliya (107 tonna), Meksika (101,6 tonna) va Indoneziya (100,9 tonna) mamlakatlari joy oldi.

15ta tuman va shahar mebelsozlikka moslashtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazgan videoselektorida mebelsozlik va avtomobilsozlik sohalaridagi holatga to‘xtalib o‘tdi.

«Bugungi kunda respublika bo‘yicha 5,5 mingta mebel korxonasidan 1,5 mingtasi aholi xonadonlarida joylashgan bo‘lib, ularni sanoatlashtirish orqali kamida mingta loyihani amalga oshirish mumkin.

Misol uchun, Xorazmdagi mebelsozlarning 44 foizi Xonqada joylashgan. Tumandagi Istiqlol, Barkamollik, Paxtagul va Vatanparvar mahallalarida 100dan ziyod oila o‘z xonadonlarida mebel ishlab chiqaradi.

Shu bois joriy haftada mebel sanoatini rivojlantirish bo‘yicha imzolangan qarorga muvofiq, 15ta tuman (shahar) mebelsozlikka moslashtirildi», degan prezident.

Top