Iqtisodiyot | 17:23 / 24.06.2021
32606
6 daqiqa o‘qiladi

Forbes dunyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi davlatlar o‘nligini e'lon qildi. Ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor

2020 yildagi eng ko‘p oltin qazib olgan davlatlar ro‘yxatida Xitoy peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekistonda 2020 yilda 101,6 tonna oltin qazib olingan. Bu ko‘rsatkich bilan respublika qimmatbaho metall qazib olish bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egallagan.

Foto: U.S. GLOBAL INVESTORS

Oltin dunyodagi eng noyob elementlardan biri hisoblanadi. Butunjahon oltin kengashi (WGC) tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2020 yilda 3 ming 478 tonna(122,7 million unsiya) oltin qazib olingan. Bu ko‘rsatkich 2 yildan beri ketma ket pasaymoqda.

Shu bilan bir qatorda ulkan resurslarga ega bo‘lgan oltin konlarining topilishi ham yildan yilga kamaymoqda. Masalan, Janubiy Afrika Respublikasi 1970 yilda 1000 tonnadan ziyod oltin qazib olgan va dunyoda yetakchi mamlakat bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu davlat eng yaxshi oltin qazib oluvchilar Top-10 ligidan ham chiqib ketdi.

Hozirgi paytda dunyoda qaysi davlatlar qimmatbaho metall qazib olish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda? Forbes oltin qazib olishda yetakchi bo‘lgan mamlakatlar Top-10 taligini e'lon qildi.

1. Xitoy - 368,3 tonna

Ko‘p yillardan beri Xitoy oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, ketma-ket 4 yildan beri qimmatbaho metall qazib olish ko‘rsatkichlari pasaymoqda. Xususan, 2020 yilda bu yerda 368 ming tonna oltin qazib olingan. Taqqoslash uchun, bu raqamlar 2019 yilda 383 tonnadan iborat edi. Oltin qazib olishning pasayishi asosan, hukumat tomonidan qo‘llanilayotgan qattiq ekologik siyosat bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Masalan, oltin qazib olinadigan konlarda siyaniddan foydalanish ustidan qat'iy nazoratning o‘rnatilishi bir necha operatsiyalarni to‘xtatishga majbur qilgan. Shunday bo‘lsa-da o‘tgan yilda butun dunyodagi qazib olingan oltinning 11 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2. Rossiya - 331,1 tonna

Yevropadagi oltinning katta qismi 2010 yildan beri har yili ishlab chiqarishni ko‘paytirib kelayotgan Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 2019 yilda Rossiya hatto Avstraliyadan oshib, dunyodagi ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchiga aylandi. Rossiya hukumati mahalliy ishlab chiqarilgan oltinning uchdan ikki qismini sotib oladi.

3. Avstraliya - 327,8 tonna

Avstraliyada sakkiz yildan beri ketma-ket ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda. Mineral moddalar sanoati Avstraliya umumiy eksportining yarmidan ko‘pini, umumiy YaIMning taxminan 8 foizini tashkil qiladi. Morgans tog‘i va Kadia vodiysi kabi hududlarda bir nechta loyihalarning amalga oshirilayotgani ishlab chiqarish hajmining sezilarli miqdorida oshishiga zamin yaratdi.

4. Amerika Qo‘shma Shtatlari - 190,2 tonna

So‘nggi yillarda AQShda oltin qazib olish hajmi 200 tonnadan pastga tushib ketdi. 2019 yilda boshlangan pasayish 2020 yilda ham yana davom etdi. AQShda ishlab chiqarilgan oltinning 80 foizga yaqini Nevada konidan qazib olinadi. Mutaxassislar Nevada alohida davlat bo‘lganda ham Top-10 likka kirishini ta'kidlashadi.

5. Kanada - 170,6 tonna

To‘rt yildan buyon Kanada beshinchi o‘rinni egallab turibdi, hatto 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 12 tonna kam oldin qazib olganiga qaramasdan ham. Mamlakatning eng yirik oltin koni Yamana Gold va Agnico Eagle kompaniyalariga tegishli bo‘lgan Sanadian Malartis hisoblanadi.

6. Gana - 138,7 tonna

Bugungi kunda Gana Afrikaning eng yirik oltin ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Bu borada u 2019 yilda birinchi marta Janubiy Afrika Respublikasini ortda qoldirdi.

AngloGold Ashanti va Gold Fields kabi sanoat yo‘nalishida katta salohiyatga ega bo‘lgan kompaniyalar ham ishlab chiqarish jarayonini ushbu davlatda amalga oshirishni boshladi.

7. Braziliya - 107 tonna

2019 yilda 10 - pog‘onada bo‘lgan Braziliya reytingda o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Oxirgi uch yil davomida mamlakatda qimmatbaho metall qazib olish keskin oshdi. So‘nggi olti yil ichida Amazonka o‘rmonlarida noqonuniy qazib olish faoliyati ham keskin ko‘paydi. Bunga mamlakat prezidenti Jair Bolsonaroning aholini Amazonkani iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga va uning mineral boyliklaridan foydalanishga undayotgani bilan izohlash mumkin.

8. O‘zbekiston - 101,6 tonna

2020 yilda O‘zbekistonda birinchi marta 100 tonnadan ziyod (101,6 tonna) oltin qazib olindi. Bu orqali O‘zbekiston butunjahon reytingida 8-o‘rinni egallab turgan Peruning o‘rnini egalladi. Taqqoslash uchun, 2019 yilda O‘zbekiston 94,6 tonna oltin qazib olgan edi. Shuningdek, nashr «Muruntov» konida dunyodagi eng katta hajmdagi oltin zaxiralari joylashgan bo‘lishi mumkinligiga ham e'tibor qaratgan.

9. Meksika - 101,6 tonna

Garchi ishlab chiqarish besh yildan beri kamayayotganligiga qaramay, Meksika raqobatdosh oltin ishlab chiqaruvchisi bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda yillik oltin qazib olish 2008 yilda atigi 50,8 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2015 yilda 131 tonnagacha ko‘tarilgan.

10. Indoneziya - 100,9 tonna

Indoneziyada dunyodagi ikkinchi eng yirik oltin koni Grasberg joylashgan bo‘lib, u PT Freeport Indonesia tomonidan boshqariladi va 20 mingga yaqin ishchi ishlaydi. Tinch okeanining janubiy qismidagi ushbu mamlakat global oltin ta'minotining 3 foizi miqdorida qimmatbaho metall ishlab chiqaradi.

Avvalroq, Kitco kompaniyasi tomonidan e'lon qilingan reytingda Navoiy viloyatida joylashgan «Muruntov» eng katta oltin koni sifatida e'tirof etilgandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston so‘nggi 10 yil davomida xorijga 687 tonna oltin sotgan.

Mavzuga oid