14:29 / 27.06.2021
12922
«Odamlar o‘z fikrini o‘zlari bildirishi kerak, jurnalistdan qalqon bo‘lishini kutishmasin» - Navbahor Imomova bilan suhbat

Chetdan nazar solganda O‘zbekistonda bugun so‘z erkinligi, jurnalistika va jurnalistlarning faoliyati qay ahvolda? «Amerika ovozi» teleradiojurnalisti Navbahor Imomova shu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Har qanday jamiyatda ommaviy axborot vositalari dinamikani tebratadi. Har bir OAVning o‘z qarashi bor, o‘z talqini bor», deydi Navbahor Imamova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mahalliy masala aslida global masala

«Matbuot nimani ko‘tara olayotgani va nimalarni yorita olayotganiga qarab, uning qay darajada erkinligini bilish mumkin. Shu fikrga asoslanib, jurnalistlarni «jamiyat barometri», deb ham atash mumkin.

Farg‘ona vodiysi viloyatlari O‘zbekistonning aholi eng zich joylashgan qismi. Aytgan bo‘lardimki, bu yerda matbuot eng faol mintaqa va jurnalistlar bilan gaplashish nihoyatda qiziq. Har birining o‘z qarashi bor, har bir OAVning o‘z talqini bor.

Viloyatdagi jurnalistlar bilan solishtirganda, poytaxtdagilar ko‘proq siyosiy jarayonlarni va rasmiy tadbirlarni yoritishadi, mahalliy masalalar bilan u qadar tanish emaslar. Bu har qanday poytaxtga xos holat. Masalan, men o‘zim ham Vashingtonni yoritaman, odatda, vaqti-vaqti bilan shtatlarga ham chiqaman.

Viloyatlarda esa ko‘proq mahalliy masalalar jurnalistlar e'tiborida bo‘ladi. Mahalliy masala aslida global masala, ya'ni O‘zbekistonda aholi yuzlashayotgan iqtisodiy va ijtimoiy masalalar hammasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Chunki butun dunyoda insonlar shu masalalar bilan kurashishadi».

O‘zbekistondagi holat boshqa davlatlardagi media muhitdan qolishmaydi

«Ikki yil avval O‘zbekiston jurnalistlari bilan suhbatlashganimda, matbuot anjumanlari, media turlar ko‘paygani va matbuot xizmatlari jonlangani haqida aytishgan edi.

Bugun esa keyingi masalalarga o‘tilgan, ya'ni qachon nimani yoritish kerak, qaysi mavzularga ko‘proq vaqt ajratish kerak, resursni nimaga sarflash kerak, degan savollarga o‘tilgan. Sal bo‘lsa ham oldinga siljigan, deya olaman.

Jurnalistlar orasida o‘zaro debat bor, raqobat bor. Bu jihatdan O‘zbekiston boshqa davlatlardagi media muhitdan qolishmaydi. O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi qay darajada erkinligi nisbiy masala, shunday OAVlar bor, ular qaysidir darajada erkinlik me'yorlarini o‘zlari belgilashyapti, o‘zlari istagan mavzularni yorita olishyapti».

Bizni yoqtirishlari shart emas, hurmat qilishlari va ishonishlari kerak...

«Bu — professional, bunisi esa professional emas, ishini eplolmayapti», degan ta'na-dashnomlar ko‘plab yosh va o‘zicha erkin ijod qilmoqchi bo‘lganlarni sindirib qo‘yyapti.

Jurnalistlarning ham xato qilishga, qoqilishga haqqi bor. Manaman degan dunyodagi yetakchi OAVlarda ham sifatsiz va yaroqsiz materiallar chiqib qoladi.

Hukumatdan eng ko‘p eshitadigan gapim: jurnalistlar professional emas. Bu bahoni men asossiz deb hisoblayman. Shu gapni eshitganimda ularga o‘zingiz-chi, degan savolni qo‘yaman. Jurnalistmi, blogermi, yuragida «o‘ti» bo‘lsa — ishlayverish kerak».

Xolis bo‘lish noxolis bo‘lishdan karrasiga osonroq...

«Aslida, xolis bo‘lish katta mas'uliyat talab qilmaydi. Biz bilganimizni aytamiz, borini berishimiz kerak. Kimningdir ustidan qozilik qilishimiz, «bu taraf aybdor, bu taraf aybsiz», deyish bizning ishimiz emas.

Oddiy odamlar bilan gaplashishga harakat qilganimda, ularning aksariyati mikrofondan qochishadi. Mikrofonni yig‘ishtirsangiz, quloq-miyangizni yeydigan darajada ko‘p gapirishadi. Chunki dard ko‘p.

Ular qiynalib turgan bo‘lsa ham hukumatga rahmat aytishadi, maqtashadi, hatto mutasaddilar ham. Aytmoqchi bo‘lganim — xalq ham masalalarga qaysidir darajada vijdonan qaray olishi kerak. Agar odamlar o‘zlari gapirib bera olmasalar, jurnalistdan qalqon bo‘lishni kutmasinlar! Chunki jurnalist xalqning ovozini olib chiqadi. Agar ovozingizni o‘zingiz bo‘g‘ayotgan bo‘lsangiz, sizda o‘z fikringizni aytishga jasorat bo‘lmasa, nega jurnalist siz uchun o‘zini qurbon qilishi kerak?!»

Hukumatning ham dardi ko‘p, ular ham gapirishni xohlaydi...

«Har bir mutasaddi ham bemalol gapira olmaydi, hamon o‘sha qo‘rqinch bor, lekin oldingiga qaraganda gapiradiganlar ko‘p, oldingiga qaraganda medianing rolini to‘g‘ri baholay oladiganlar ko‘paygan. Ular bilishadiki, O‘zbekistonda jurnalistlar professionallashishidan ular birinchi galda manfaatdor».

Yulduz Yuldasheva suhbatlashdi.

Top