19:30 / 12.07.2021
3550
Qurilish materiallarini ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Joriy yilning 12  iyul kuni poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida mamlakatimizda qurilish materiallarini ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zsanoatqurilishbank hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi  bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda shu yil 9 iyunda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi muhokama etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va tumanlarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shu jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish hisobiga aholi bandligi hamda mahalliy mahsulotlar turi va hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Natijada, so‘nggi to‘rt yil ichida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 23 foizga, shu jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sanoatning hududlarda jadal rivojlanayotgan tarmoqlari 1,3 barobardan ko‘proq o‘sdi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida qayd etilganidek, tarmoqda islohotlar kutilgan samarani bermayapti, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda hududlarning sanoat salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.

Biznes-forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov farmonga ko‘ra, mahalliy sanoat tarmoqlarini va qurilish materiallari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan yangi yaxlit tizim joriy etilayotgani, buning uchun «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilingani hamda mazkur tarmoqda loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan qator imziyozlar berilayotganini ta'kidladi.

Farmonga binoan “O‘zsanoatqurilishbank”ATB Boshqaruv raisi S.Annaklichev bir paytning o‘zida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi vazifasini ham bajarishi belgilandi.

  

Shu bois Bank rahbariyati tomonidan sohadagi islohotlarni jadallashtirishga ko‘maklashish maqsadida yanada faol ishlar olib borilmoqda.

Bank Bosh ofisida maxsus departament, mintaqaviy filiallarda konsalting markazlari tashkil qilinib, ularga malakali menejyerlar jalb qilindi.

Hozirda ushbu menejyerlar qurilish materiallari sohasida ish boshlamoqchi bo‘lgan kichik va o‘rta biznes sub'yektlariga standart loyihalar, biznes rejalar va loyihalarning texnik-iqtisodiy ahamiyatini ishlab chiqishda, shuningdek kredit olishda bevosita ko‘maklashmoqda.

Endilikda markazlarda axborotlashtirilgan bazalar tashkil qilinadi. Ularda hududlardagi foydali qazilma konlari, mahsulotlarning bozorlardagi tannarxlari, zarur texnologik uskunalar hamda tashkil etiladigan o‘quv kurslari bo‘yicha ma'lumotlar berib borilishi ko‘zda tutildi.

Tadbirda “O‘zsanoatqurilishbank”ATB Boshqaruv raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi Saxi Annaklichev so‘z olib, bugungi kunda BCG kompaniyasi ekspertlari bilan sohani xorijiy tajribalar asosida rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish ustida ish olib borilayotganini ma'lum qildi. Bunda klaster tizimini amaldagi developer kompaniyalari orqali tashkil qilish mo‘ljallangani ta'kidlandi.

– 5 mlrd dollarlik loyihalar portfeli bo‘yicha ma'lumotlar korxonalar va tumanbay shakllantirilgan holda yagona bazaviy platformaga kiritiladi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank”ATB Boshqaruv raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi S.Annaklichev. – Mazkur tizim tegishli vazirlik va idoralarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini onlayn rejimda kuzatib borish imkonini beradi. Bu borada umumiy monitoring bankning konsalting kompaniyasi hamda bank filiallarida tashkil etilgan konsalting markazlari tomonidan yuritiladi.

Biznes-forumda farmon asosida O‘zsanoatqurilishbankka Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 200 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilayotgani, Bank tomonidan 300 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni muomalaga chiqarish ishlari olib borilayotgani aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, Bank tomonidan “O‘zstandart” agentligi bilan qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tumanlarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, korxonalarning rahbar va xodimlarini xalqaro sifat talablari hamda standartlariga o‘rgatish tizimini yaratish bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

“O‘zqurilishmaterialLITI” MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi bilan birgalikda yetakchi xorijiy oliygohlarini jalb qilgan holda, qurilish materiallari sohasi uchun malakali va zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, Toshkent kimyo texnologiya institutida Germaniya va Rossiyaning nufuzli universitetlari bilan birga 5 ta yangi yo‘nalishda o‘qishni tashkil etish hamda Toshkent arxitektura va qurilish instituti bilan birgalikda Turkiyaning ixtisoslashgan oliygohlarini jalb etgan holda muhandis va texnologlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan ishlar amalga oshirilmoqda.

Biznes-forumda, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tumanlarda loyihalarni o‘rganish bo‘yicha jalb qilingan ishchi guruhning sohani rivojlantirishdagi mavjud muammolar bo‘yicha bergan xulosalari muhokama qilindi. Tizimli va idoralararo kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, muhandis-quruvchilar hamda developerlar ishtirok etdi.

Ular o‘rtasida tarmoqlar va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida tartibga solish muhiti va standartlarni takomillashtirish, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda mahalliy sanoat korxonalari uchun professional kadrlar tayyorlash, bunda trening dasturlaridan keng foydalanish kabi masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati Ⓣ 

Top