O‘zbekiston | 07:57 / 13.07.2021
47677
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tabiatining noyob marvaridi – Sangardak sharsharasidan reportaj

Surxondaryo tog‘laridagi daralar orasida yurtimiz ekologiya tizimining durdonalaridan biri – Sangardak sharsharasi joylashgan. Qadimdan odamlarni o‘ziga rom qilib kelayotgan so‘lim maskanga sayohatimizdan bir olam taassurot bilan qaytdik.

Sangardak sharsharasi O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegaradosh hududida, Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida joylashgan. Agar boshqa viloyatda istiqomat qilsangiz, u holda dastlab Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahriga yetib borishingiz, u yerdan poyezd yoki taksiga o‘tirib, Sariosiyo tumaniga yo‘l olishingiz lozim. Bu esa qariyb 150 km masofa bo‘lib, 2-3 soat vaqtni oladi. Aytish lozimki, avtomobil yo‘llarining sifati qoniqarli darajada.

Sariosiyo tumani subtropik ichkikontinental iqlim zonasida, Hisor tog‘ tizmasi etagida joylashgan. Bu tog‘lardan Surxondaryo, To‘polangdaryo, Obizarang va boshqa daryolar irmoq oladi. Hududning hayvonot va o‘simlik dunyosi xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Tog‘larda jayron, bo‘ri, tulki, quyon, bars va hatto qo‘ng‘ir ayiqlar yashaydi. Yovvoyi holda archa, pista, bodom, yong‘oq, olma, zirk, na'matak o‘sadi.

Sariosiyodan mahalliy taksi qatnovi orqali 60 km yo‘l bosib, Sangardak darasiga, shu nomdagi sharsharaga yetib olish mumkin.

Sangardak sharsharasi tog‘ daryosidan emas, balki g‘orlar ichidagi karst daryolaridan shakllanadi, qoya toshlar orasidan sizib chiqadi. Shu sababli xalq orasida u haqda qadimdan turli afsona va ertaklar to‘qilgan, mo‘jizakor tasavvurlar paydo bo‘lgan.

Sangardak – O‘zbekistonning eng baland sharsharalaridan biri. Uning balandligi 60-70 metrgacha boradi. Suv serob bo‘ladigan bahor oylarida 100 metrgacha yetishi mumkin. Sharshara may oyi o‘rtalaridan to sentabr oyi o‘rtalarigacha sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi.

Sharshara oldi sayyohlarga qulaylik tug‘dirish uchun obod qilingan, panjara bilan o‘ralib, mo‘'jaz darvoza qurilgan. Unga olib chiqadigan so‘qmoqqa zinapoyalar va ayvonlar barpo etilgan. Hududga kirish bepul.

Sharsharani tomosha qilish uchun 60-70 metr balandlikka zinapoyalar orqali chiqishga to‘g‘ri keladi. Har 10-15 metr balandlikda keng ayvonchalar bor. Bu yerda sharsharani tomosha qilish, soyada jazirama issiqdan biroz salqinlab olish, suratga tushish mumkin.

Sangardak ostida vaqt tez o‘tganini bilmay qolasiz. Psixologlarning ta'kidlashicha, odam tushkun va horg‘in paytda shildirab oqayotgan suvga tikilib tursa, tezda xotirjam bo‘ladi, asablari tinchlanadi, charchoqni unutadi. Sangardakni tomosha qilish ham shunga o‘xshash, o‘ziga xos «sharshara-terapiya».

Shu o‘rinda sharshara bilan bog‘liq ba'zi noxush holatlar e'tiborimizni tortdi. Sharshara oldidagi panjaradan oshib o‘tmaslik, suvda cho‘milmaslik haqida ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lishiga qaramay, odamlar suratga tushish yoki cho‘milish maqsadida taqiqni chetlab o‘tayotganini ko‘rish mumkin.

Nam, sirpanchiq toshlar ustida yurish, tor so‘qmoqlar orqali balandlikka chiqish qanchalik xavfli bo‘lmasin, bundan cho‘chishmayapti. Ba'zi «o‘ta jasur qahramonlar» sharsharaning juda baland qismiga chiqib olishmoqda. Inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan bunday xatti-harakatlar baxsiz hodisalarga olib kelmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Afsuski, ba'zi odamlarda ekologiya madaniyati shakllanmagan. Sharshara ostidagi irmoqlarga baklashkalar, qog‘ozlar, ovqat qoldiqlari tashlab yuborilyapti. Albatta, odam gavjum joylar bundan xoli bo‘lmaydi, ammo chiqindilarni maxsus joylarga tashlash mumkin-ku? Nega atrof-muhitni, go‘zal tabiatimizni asrab-avaylash haqida o‘ylamaymiz? Sharsharaning ifloslanib borayotgani dilni xira qiladi.

Sharshara ostida namoz o‘qib olish uchun supacha barpo etilgan, bu ham sayyohlar uchun qulay. Biroq, kimdir bu joyda Qur'on tilovat qilib, odamlardan «ko‘rpacha ostiga» pul yig‘ib o‘tiribdi. Uning oldiga qo‘yilgan «xayr ehson qutisi»ga hech qanday tamg‘a, muhr bosilmagan. Yig‘ilayotgan pullarning qayerga ketayotgani ham noma'lum. Sharshara diniy ziyoratgoh bo‘lmasa, ostidagi bunday xatti-harakatlarga qanday baho berish mumkin?

Afsuski, tabiatning noyob durdonasini ilohiylashtirish, muqaddaslashtirish odati bizga qadimdan qolgan achinarli merosdir. Odamlar sharshara ostidagi kichik maydonchaga mato bo‘laklarini bog‘lab ketayotganlarini aynan shu bilan izohlash mumkin.

Sangardak sharsharasidan bir dunyo ijobiy taassurotlar bilan qaytdik. Yozning jaziramasida uning ostida dam olish, hordiq chiqarish – ayni muddao, bebaho ne'mat. Bunday imkoniyatni kelgusi avlodlarga ham qoldirishimiz, sharsharani asrab-avaylashimiz lozim. Darhaqiqat, Sangardak sharsharasi – O‘zbekiston tabiatining noyob durdonasi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid