11:00 / 20.07.2021
5891
Enter Engineering: yurakdan yurakka yo‘l ochib…

Barchamiz sog‘lom bo‘lishni xohlaymiz va shunga intilamiz. Biz bolalarimizning sog‘lom bo‘lishini, ayniqsa hamma narsadan ko‘proq istaymiz. Hayot esa boshqacha: issiq jon borki betob bo‘ladi, jumladan bolalar ham. Afsuski, jiddiy va o‘ziga xos, aytish mumkinki, o‘z belgilarini “ko‘rsatmaydigan”, hamisha ham davolab bo‘lmaydigan, ustiga-ustak qaytalanish ehtimoli katta bo‘lgan makkor kasallikka uchragan bolalar ham bor. Davolanishi qiyin bo‘lgan bu kasallik – leykimiyadir. Leykimiyaga uchragan bolalar va ularning ota-onalari bu xastalik hamlasiga dosh berish uchun davlat, jamiyat va savobtalab odamlarning ko‘magiga har doim muhtojlar. 

Aynan shu sababli ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan onkogemotologik tibbiyot muassasalarida bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ko‘lami va samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 14 may kuni davlatimiz rahbarining Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshidagi Bolalar gemotologiya, onkologiya va klinik immunologiyasi markaziga tashrifi chog‘ida bemor bolalarga aytgan ushbu so‘zlari hammamizning yodimizda: «Faqat yaxshi narsalarni o‘ylang, shunda hammasi amalga oshadi. Kuchli bo‘linglar, ota-onangizni xursand qilinglar. Sizlar tuzalib, sog‘lom bo‘lsangiz, men ham baxtliman. Hech narsadan tashvishlanmang, hammasi yaxshi bo‘ladi!».

Enter Engineering kompaniyalar guruhi o‘z an'anasiga sodiq holda bu safar ham xayrli ishlardan chetda turgani yo‘q. Markazni moddiy-ma'naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompaniya tomonidan zarur maishiy texnika vositalari (6 ta kir yuvish mashinasi, 6 ta mikroto‘lqinli pech) va ko‘rpa-yostiq jildlari (450 ta to‘plam) xarid qilinib, markazning yangi binosiga yetkazib berildi. Muqaddas bayramimiz Qurbon hayiti arafasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda bemor bolalar uchun bayram tadbiri uyushtirildi. Ta'kidlash joizki, bu bizning O‘zR Milliy gvardiyasi bilan birgalikdagi birinchi tadbirimiz emas. Ushbu davlat tuzilmasi Enter Engineering xayriya tadbirlarini doimo qo‘llab-quvvatlab keladi. Yaqindagina biz shavkatli gvardiyachilarimiz bilan birgalikda Zangiota tumanidagi «Ibrat» mahallasida zamonaviy bolalar maydonchasini qurib va uning tantanali ochilish marosimini tashkil etgan holda ibratlik bolajonlarni quvontirgan edik. Bu safar esa Milliy gvardiya orkestrining chiqishi bayramona kayfiyatni yanada oshirdi, cholg‘uchilar ijrosidagi musiqiy asarlar bolalar va ularning ota-onalariga juda yoqdi, Faxriy qorovul rotasining ko‘rgazmali chiqishi ham bolajonlarni maftun etdi.

Markazning barcha kichik bemorlariga esdalik sovg‘alar ulashildi. Biz Qurbon hayit bayrami arafasida yana bir kichik xayrli ishni – betob bolalar uchun bayram tadbiri tashkil etishni niyat qilgandik. Bayram bayramdek bo‘ldi: bolalar kulib-quvnashdi, sovg‘alarni olgach, bolalarcha beg‘uborlik bilan «Rahmat!» deyishdi. Og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bu kichik qahramonlarning ko‘zlari shu tobda yonib turardi, biz kattalarning esa ko‘zlarimiz yoshlandi.

«…Bu bolalar tezroq tuzalib, kelajakda el-yurt koriga yaraydigan sog‘lom insonlar bo‘lib ulg‘ayishsin. Ushbu muborak kunlarda Yaratgandan shuni so‘raymiz!». Bu Prezidentimizning so‘zlari. Biz ham ushbu so‘zlarga tilakdoshmiz...

Enter Engineering Matbuot xizmati Ⓣ

Top