23:10 / 20.07.2021
18298
Moskva oblastida migrantlar o‘rtasida mushtlashuv ro‘y berdi. O‘q ovozi ham eshitilgan

Mushtlashuvda yigirmaga yaqin migrant qatnashgani, ularning Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ekani aytilmoqda.

TASS huquqni muhofaza qilish organidagi manbasiga tayanib Moskva oblastidagi turar joy majmualaridan birining hovlisida migrantlar o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgani haqida xabar bergan. Guvohlar o‘q ovozini ham eshitishgan.

“Taxminan 20 kishi ommaviy mushtlashuvni uyushtirgan. Dastlabki surishtiruvlardan so‘ng ularning Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar ekani aniqlandi. Mushtlashuv davomida ular tayoq, butilkalardan foydalangan. Shuningdek, otishma bo‘lgan. Aynan qanday qurol ishlatilgani aniqlashtirilmoqda”, deb aytgan TASS bilan suhbatlashgan mulozim.

Manbaning ta'kidlashicha, mushtlashuv 18 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Kelishmovchilikka nima sabab bo‘lgani surishtirilmoqda. Nizo oqibatida turar joy majmuasi hovlisidagi bir nechta avtomobilga zarar yetgani sababli mahalliy aholi politsiya chaqirgan.

Mojaroda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etgan yoki etmagani hozircha ma'lum emas.

Bu Moskva oblasti hududida so‘nggi hafta ichida kuzatilgan uchinchi ommaviy mushtlashuv hisoblanadi. 13 iyul kuni Moskvada «Kuzminki» metro stansiyasi yonida markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz bergani xabar qilingandi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, mushtlashuvda 50dan 200 nafargacha odam ishtirok etgan.

Moskva shahar IIV bosh boshqarmasi ommaviy mushtlashuvda Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari qatnashgani, uning ishtirokchilari Rossiyadan deportatsiya qilinishi haqida xabar bergan. Ular orasida o‘zbekistonliklar bo‘lmagan. Mushtlashuvdan so‘ng politsiya bo‘limlariga 103 nafar shaxs olib kelingan. Ularga nisbatan mayda bezorilik va Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzish moddalari bo‘yicha ma'muriy bayonnomalar tuzilgan.

14 iyulda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari bo‘lgan o‘nlab migrantlarning mushtlashgani xabar berilgan. Hodisa joyiga politsiya kelishi bilan nizo ishtirokchilari ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgan.

Ommaviy mushtlashuvlar ortidan Moskvada «Migrant» operatsiyasi boshlangan. Qayd etilishicha, Moskvaning barcha rayonlaridagi politsiya bo‘linmalariga MDH mamlakatlaridan kelgan migrantlar olib kelinmoqda. Politsiyachilar ularni suratga tushirib, barmoq izlarini olmoqda, ma'lumotlar bazasiga kiritayotgani ma'lum qilingan.

Top