O‘zbekiston | 18:51 / 13.07.2021
10384
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada migrantlar ishtirokidagi ommaviy mushtlashuvda o‘zbekistonliklar ishtirok etmagani ma'lum qilindi

Avvalroq Moskvada «Kuzminki» metro stansiyasi yonida markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz bergani xabar qilingandi.

Foto: TASS

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Moskva shahrida mehnat migrantlari o‘rtasida ro‘y bergan ommaviy mushtlashuv aks etgan videolar yuzasidan bayonot berdi.

Bayonotda aytilishicha, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vakillari bilan birgalikda voqea joyiga borib, mamlakat ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni o‘rgangan.

«Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu ommaviy mushtlashuvda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagan»,  deyiladi bayonotida.

Avvalroq Moskvada «Kuzminki» metro stansiyasi yonida markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz bergani xabar qilingandi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, mushtlashuvda 50dan 200 nafargacha odam ishtirok etgan. OAVda mojaro o‘zbek va qirg‘iz ishchilari o‘rtasida ro‘y bergani aytilgandi.

Keyinroq Moskva shahar IIV bosh boshqarmasi ommaviy mushtlashuvda Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari qatnashgani, uning ishtirokchilari Rossiyadan deportatsiya qilinishi haqida xabar qildi.

Bundan tashqari, ular sud qaroriga ko‘ra jarimaga tortiladi. «Qator shaxslarga nisbatan» Rossiyaga kirish taqiqlanadi.

Ma'lumot berilishicha, mushtlashuvdan so‘ng politsiya bo‘limlariga 103 nafar shaxs olib kelingan. Ularga nisbatan mayda bezorilik va Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzish moddalari bo‘yicha ma'muriy bayonnomalar tuzilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid