09:11 / 20.07.2021
4541

Peruda prezident saylovlari g‘olibi e'lon qilindi

Foto: AP

Peruda o‘tgan prezident saylovlarida “Ozod Peru” partiyasi vakili Pedro Kastilo g‘alaba qozondi. Amaldagi prezident Fransisko Sagasti o‘z vorisini g‘alaba bilan tabrikladi.

“Prezident va vitse-prezident saylovlari g‘oliblari deb Xose Pedro Kastilo Terrones va Dina Ersiliya Bularte Segarra e'lon qilinsin”, deb aytgan Peruning milliy saylov hay'ati bosh kotibi Lurdes Rita Vargas Uaman.

6 iyunda Peruda prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tgandi. Barcha ovozlar hisob-kitob qilingach, Kastilo 50,12 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani ma'lum qilingandi. Uning raqibi, “Xalq kuchi” partiyasi vakili Keyko Fuximori esa 49,78 foiz ovoz to‘plagan.

19 iyulda Peru saylov hay'ati “Xalq kuchi” saylovlar natijalari bo‘yicha bergan shikoyat arizalarining oxirgi beshtasini rad etgan. Shundan keyin Fuximori o‘z mag‘lubiyatini tan olishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Peruning yangi prezidenti 28 iyulda o‘z lavozimiga kirishadi.

Peru prezidenti 5 yillik muddatga saylanadi.

Top