14:15 / 21.07.2021
47720
Namanganda sel. Ko‘priklar buzilib, avtomobillar oqdi, uylarga suv toshdi

20 iyul kuni Namangan viloyati hududida kuchli yog‘ingarchiliklar sababli suv toshqinlari yuzaga keldi, viloyat bo‘yicha ikkita katta ko‘prikka zarar yetgan, Pop tumani hududida suv avtomobillarni olib ketgan, Namangan shahri va Davlatobod tumanida aholini evakuatsiya qilish ishlari olib borilgan.

Internetda Namangan viloyatida kuchli jala yog‘ishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelgani aks etgan videotasvirlar tarqaldi. Xususan, Namangan shahridagi ko‘chalarda, yerosti o‘tish yo‘llari, oshxonalar va boshqa muassasalar binolarida suv toshgan.

Kun.uz mobil muxbirining xabar berishicha, 20 iyul kuni kechasi Pop tumanidagi tog‘li hududda joylashgan «Imomota» MFYda soydan kelgan suv bir necha avtomobilni oqizib ketgan.

Foto: Telegram / kunuznamanganviloyati
Foto: Telegram / kunuznamanganviloyati

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Kosonsoy tumanidan sel toshqini kelishi oqibatida Namangan shahar hududidan o‘tgan 4R-117 «To‘raqo‘rg‘on-Namangan-Chortoq» avtomobil yo‘lining 15-kilometrida joylashgan ko‘prikka zarar yetgani sabab sozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan harakat to‘liq cheklangani haqida xabar bergan.

Foto: YHXBB

Shuningdek, 4R-112 Farg‘ona halqa yo‘li avtomobil yo‘lining 73-kilometrida joylashgan «Tashlama» ko‘prigiga zarar yetgani sabab sozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan harakat qisman (bir tomonlama tashkil etilgan) cheklandi.

Foto: YHXBB

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 20 iyul kuni Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik yuzaga kelib, Andijon va Namangan viloyatlari tumanlarida aholi uylariga suv toshib kirgani haqida ma'lumot berdi.

«Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq va Andijon tumanlari, Namangan viloyatining Namangan shahri, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Davlatobod va Uychi tumanlarida joylashgan aholi xonadonlarining tomorqalari va hovlilariga suv toshib kirish holatlari kuzatilgan.

Voqea joyiga Andijon va Namangan viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari shuningdek, viloyat hokimliklari, IIB, MG rahbariyati va shaxsiy tarkibi hamda FVDT xizmatlari kuch-vositalari jalb etilib, suv oqimi oqibatlarini bartaraf etish hamda aholi tomorqalaridan suvni chiqarish ishlari olib borildi.

Kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida aholi yashash uylariga zarar yetmagan va jabrlanganlar yo‘q», deyiladi xabarda.

Namangan FVB matbuot xizmati tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etilayotgani aks etgan suratlarni taqdim etdi.

«Yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sodir bo‘lgan suv sel toshqini natijasida aholi yashash xonadonlarida to‘planib qolgan suvlarni tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisa joylariga maxsus avtomobillar va xizmatchilar yong‘in qutqaruv qismi shaxsiy tarkibi, shu bilan birga, hamkor tashkilotlardan 80ta texnika va 584 nafar ishchi xodimlari jalb etildi», deyiladi xabarda.

Namangan shahri «Yuksalish» MFYda joylashgan 4,5,6,-ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida suv to‘plangani sababli ko‘p qavatli uyda yashovchi 100 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilinib, yerto‘lada to‘planib qolgan suvlarni 4ta yong‘in qutqaruv avtomobili va 8ta suv tortish nasoslari (motopompa) orqali tortish choralari ko‘rilgan.

Foto: Namangan viloyat FVB matbuot xizmati

Shu bilan bir qatorda, Namangan shahar Davlatobod tumani «Yelixon» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Shishaki soy yaqinida joylashgan 7ta xonadondagi 32 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. 

Foto: Namangan viloyat FVB matbuot xizmati

Shuningdek, Pop tumani «Imomota» MFY hududida kuzatilgan sel kelishi oqibatida zararlangan yo‘llarda qayta ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Foto: Namangan viloyat FVB matbuot xizmati
Top