16:42 / 22.07.2021
4516
Islom taraqqiyot bankining yangi prezidenti saylandi

2016 yildan buyon ITB prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelgan saudiyalik Bandar ibn Muhammad Al-Hajarning o‘rnini uning hamyurti Muhammad Sulaymon al-Jassir egalladi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Islom taraqqiyot banki guruhining Bosh kotibiyati tasdig‘iga muvofiq, bank Boshqaruvchilar kengashi Saudiya Arabistoni taklif etgan nomzod – doktor Muhammad Sulaymon al-Jassirni ITBning yangi prezidenti lavozimiga besh yil muddatga saylash to‘g‘risida sirtdan qaror qabul qildi.

Bu haqda 20 iyul kuni Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi raisi, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov ma'lum qildi.

Sardor Umrzoqov / Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

ITB prezidenti lavozimida 2016 yildan buyon saudiyalik Bandar ibn Muhammad Al-Hajar faoliyat yuritib kelayotgandi. Bank boshqaruvchilari qabul qilgan alohida qaror bilan, Al-Hajarning faoliyatiga yuqori baho berilgan.

Ma'lumot uchun, yangi prezident – Muhammad Sulaymon al-Jassir Kaliforniya universitetida iqtisodiyot bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olgan. 2009-2011 yillarda Saudiya Arabistoni Markaziy banki raisi, 2011-2015 yillarda Saudiya Arabistoni iqtisodiyot va rejalashtirish vaziri lavozimlarida ishlagan; ayni paytda podshohlik Vazirlar Kengashi Bosh kotibiyatida maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Muhammad Sulaymon al-Jassir / Foto: ITB

ITB – 57ta hissador a'zo ishtirokidagi, islom moliyasini qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro moliyaviy institut. 1973 yilda tashkil etilgan, bosh shtab-kvartirasi Jidda shahrida.

Ushbu bank – O‘zbekistonning asosiy 10ta kreditorlari qatorida turadi. 2021 yil 1 aprel holatiga, O‘zbekiston davlat tashqi qarzining 0,9 mlrd dollari Islom taraqqiyot bankiga to‘g‘ri keladi.

Top