23:11 / 23.07.2021
5238
«Bu butun dunyoda bor holat» – MSK raisi o‘rinbosari saylovlarni budjetdan moliyalashtirish haqida

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov saylovlarni moliyalashtirish dunyoda bor holat ekani, ajratiladigan mablag‘ saylovchilarning saylov huquqini ta'minlash uchun kerakligini ta'kidladi.

«Birinchi navbatda, saylovga ajratilgan mablag‘lar shaffofligi ta'minlanadi. Shuningdek, avval oraliq hisobot berish jarayoni mavjud emas edi. Faqat yakuniy hisobot berilardi, endilikda saylovdan oldin ham oraliq hisobotni berish kerak. Bunda nimaga qancha ishlatilgani ma'lum qilinadi, keyin yakuniy hisobotda batafsil axborot beriladi. Ko‘pchilik buning ahamiyatini bilmasligi mumkin. Bu saylovda mablag‘lar qayerga sarflanganini aniqlash uchun zarur.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning xarajatlar tasdiqlangan smetasi bo‘yicha ko‘p muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Lekin bu butun dunyoda bor holat va bu mablag‘ saylovchilarning saylov huquqini ta'minlash uchun kerak. Chunki konstitutsiyada belgilangan barcha huquqni ta'minlash uchun mablag‘ talab qilinadi. Shu nuqtayi nazardan MSK saylovga bir oy qolganda xarajatlar smetasini tasdiqlagan bo‘lsa, hozir barvaqt tasdiqlandi, sababi, saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish, uchastka saylov komissiyalarini tayyorlash masalalarida barcha tahlillarni qilganmiz.

Shu uchun xarajatlar smetasini tasdiqlab oldik. Bu Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun doirasida amalga oshyapti, bu ham yangilik, ochiq-oydin aytilyapti va budjetda belgilangan mablag‘ doirasida MSK tomonidan aniq xarajatlar smetasi tasdiqlanyapti», deya Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga 300 milliard so‘m ajratilgan. Umumpartiyaviy tadbirlar va nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibotiga jami 15 mlrd 486 mln so‘m yo‘naltiriladi. Bundan har bir nomzodga 3 mlrd 97 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top