11:42 / 26.07.2021
1905
Samarqand shahrida Prezident maktabiga test sinovlari boshlandi

Samarqand shahridagi «Lokomotiv» markaziy jismoniy tarbiya sport klubi Samarqand filiali futbol maydoni hamda Samarqand shahar 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabi stadionida Prezident maktabiga talabgor o‘quvchilar uchun test sinovlari o‘tkazilmoqda. Bugun kunning birinchi yarmida o‘tkazilgan test sinovlarida ikki ming nafardan ortiq talabgorlar test sinovlarida ishtirok etmoqda. Bu haqda Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, ilk o‘quv yili uchun Samarqanddagi Prezident maktabiga 14 ming nafardan ortiq o‘quvchi yoshlar ariza topshirgan. Shundan 13 329 ta hujjat qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan. Belgilangan tartibga ko‘ra, ayni paytda talabgorlar dastlabki bosqich sinovlarida ishtirok etmoqda. Ilk bosqich sinovlari 26, 27, 28 iyul kunlarida o‘tkazilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, test jarayonlarini shaffof va haqqoniy o‘tkazish maqsadida tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda barcha zaruriy choralar amalga oshirilgan. O‘quvchilar to‘liq Face ID tekshiruvidan o‘tkazilib, karantin qoidalariga amal qilingan holda test jarayonlariga kiritilmoqda. Bevosita Cambridge Assessment tashkiloti vakillari test jarayonlarini onlayn kuzatishmoqda. Ota-onalar uchun ham onlayn tartibda kuzatish imkoniyati yaratilgan.

Ta'kidlanishicha, test jarayonlari yakunida barcha javob varaqalari shu yerning o‘zida maxsus muhrlanib, Buyuk Britaniyaga jo‘natiladi. Cambridge Assessment tashkilotida javoblar maxsus uskunalarda tekshirilgan holda natijalar e'lon qilinadi.

Tashkilotchilarning ma'lum qilishicha, dastlabki sinov natijalari avgust oyining o‘rtalarida e'lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqich sinovlari avgust oyining ikkinchi yarmida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Prezident maktablari loyihasi Cambridge Assessment tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilishi bilan birga, ushbu loyihani yanada samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan ko‘plab xorijiy mutaxassislar ham jalb qilingan. Ular ham bevosita test jarayonlarini kuzatib, tavsiya va ko‘rsatmalarini berib bormoqda.

Top