10:50 / 03.08.2021
12880

Senat o‘zbekistonliklarni xorijga ishga yuborishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar ishdan bo‘shatilganini ma'lum qildi

Rossiyaga yuborilgan 41 nafar andijonlikning videomurojaati ortidan ularni ishga joylashtirish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon filiali rahbari Ulug‘bek Yo‘ldoshev bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Rossiyaga ketgan o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlar orqali «Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?» deb qilgan videomurojaati o‘tgan oyda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, unda va'da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani, ishlash va yashash uchun sharoit yetarli emasligi, ular kuniga 120-130 rubl (taxminan 20 ming so‘m) evaziga ishlayotgani bayon qilingan edi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Senati bayonot bilan chiqib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan xorijga ishga yuborilgan vatandoshlar shikoyati nazoratga olingani, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilishi bo‘yicha so‘rov yuborilgani ma'lum qilingan edi.

Parlament yuqori palatasining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida aniqlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiyaning Karachayevo-Cherkesiya Respublikasidagi “Yujnyy Agrokombinat” AJ o‘rtasida 2021 yil 14 iyun kuni imzolangan kelishuv shartnomasi shartlariga muvofiq, 400 nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi uchun ish beruvchi tomonidan tanlab olinishi, ishga jalb qilinishi va ularing oylik maoshlari 33 ming rubldan 50 ming rublgacha tashkil etishi belgilangan.

Fuqarolarning aviachipta va hujjatlarni rasmiylashtirish (patent) xarajatlari ish beruvchi hisobidan to‘langan, ushbu xarajatlar keyinchalik fuqarolarning oylik maoshlaridan qisman ushlab qolinishi, fuqarolar 1 yil ishlasa, ushlab qolingan xarajatlar ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplab berilishiga kelishilgan.

Joriy yilning 16 iyun kuni ish beruvchi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon viloyati filiali tomonidan tanlov o‘tkazilib, 150 nafar fuqaro tanlab olingan hamda 23 iyun kuni 63 nafari, 29 iyun kuni 22 nafari, 4 iyul kuni 16 nafari va 5 iyul kuni 42 nafari “Yujnyy Agrokombinat” AJga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.

Senat axborotida, fuqarolar ish joyiga yetib borganidan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga telefon orqali mehnat va yashash sharoitlari noqulayligi hamda pasport hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib ko‘yilganligi to‘g‘risida bir qator murojaatlar kelib tushgani, shu sababli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari boshchiligida ishchi guruh tuzilib, joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya Federatsiyasiga uchib borgan va mazkur korxonada bo‘lgani keltiriladi.

Safar davomida ishchi guruh korxona rahbariyati va fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muzokara olib borgan. Ish beruvchi fuqarolarning pasportlari migratsion qaydga qo‘yish va ishlash uchun patent rasmiylashtirish maqsadida olingani hamda fuqarolarning birinchi talabi bilan qaytarib berilishini ma'lum qilgan.

Korxona rahbari o‘zbekistonlik ishchilar bilan mehnat munosabatlarini qonunga muvofiq rasmiylashtirishi, barcha sharoitlarni yaratib berishi hamda bugungi kunda yana 500 ta qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilish rejasi borligini ma'lum qilgan.

Ta'kidlanishicha, hozirgi kunda mazkur korxonada 155 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shundan 46 nafar samarqandlik 2019 yildan buyon, 109 nafar andijonlik esa 2021 yil iyul oyidan buyon ishlashmoqda.

“Ishchi guruh korxona rahbariyati bilan O‘zbekiston fuqarolarining yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lab berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasini rasmiylashtirgan.

Korxonada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ushbu kelishuvning mazmun-mohiyati, oylik maoshlarini to‘lash tartibi, ish vaqti va hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlari tushuntirilgan. Jumladan, fuqarolar videomurojaatida aytib o‘tilgan 125-130 rubl miqdoridagi maosh bir kunlik emas, balki bir soatlik ish haqi ekanligi ma'lum qilingan.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan videomurojaat bir soatga to‘lanadigan ish haqi bir kunga beriladi deb, noto‘g‘ri tushunish oqibatida joriy yilning 15 iyul kuni, ya'ni murojaat yozgan fuqarolar ish boshlagan birinchi kunida olinganligi ma'lum bo‘lgan.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan ushbu korxonada faoliyat olib borayotgan fuqarolar bilan muntazam ravishda aloqa o‘rnatilib, ularning yashash va ishlash sharoitlari doimiy nazoratga olingan, 2021 yil 29 iyul kuni korxonaga takroran ishchi guruh xizmat safariga yuborilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda yukoridagi videomurojaat joylashtirilganidan bir kun o‘tib uning muallifi N.Nazirov tomonidan murojaatdagi vajlar asossizligi va anglashilmovchiliklar bo‘lganligi to‘g‘risidagi murojaat ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.

Shu bilan birga, fuqarolarni tashkiliy ishga joylashtirish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon filiali rahbari U.Yo‘ldoshev bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan”, deyiladi Senat xabarida.

Top