21:32 / 09.08.2021
7352

Yaponlar Tomas Baxning favqulodda vaziyat vaqtida Tokio markazida yurganini tanqid qilishdi

Foto: Reuters

Yaponiyalik internet-foydalanuvchilar Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax favqulodda vaziyat amal qilayotgan vaqtda Tokioning markaziy ko‘chalari bo‘ylab sayr qilib yurganidan achchiqlanishdi. Bax Tokioning Gindza tumanida yurgani videosi Twitter’ning yapon sektorida trendga chiqdi.

Videoda Bax 9 avgustda Gindza bo‘ylab bir necha kishi hamrohligida yurgani aks etgan. Ko‘plab odamlar u bilan suratga tushish uchun to‘xtashgan. Shu bilan birga, Bax karantin talablariga rioya etib, himoya niqobida bo‘lgan.

Twitter foydalanuvchilari videoga izohlarida Baxning bu xatti-harakati Tokio ma'muriyatining pandemiya vaqtidagi siyosatiga zid ekanini ta'kidlab o‘tishgan. Ayni vaqtda ushbu siyosat doirasida amal qilayotgan favqulodda vaziyat rejimi Tokio aholisidan zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni talab qiladi.

Yaponiya hukumatining Olimpiada va Paralimpiada o‘tkazilishiga javobgar vaziri Tamayo Marukava vaziyatga izoh berib, “ko‘chaga chiqish yoki chiqmaslik borasida qaror qabul qilish har kimning shaxsiy ishi ekanini” aytgan. U shuningdek, Bax sayr vaqtida barcha karantin talablariga amal qilgani va Yaponiyaga kelishdan oldin koronavirusga qarshi emlanganini ta'kidlab o‘tgan. 

XOQ prezidenti Tokioga 8 iyulda kelgandi. U Kunchiqar mamlakatdagi ilk 3 kunni karantinda o‘tkazgan, so‘ngra 14 kun davomida faqat belgilangan joylar va uchrashuvlarga borgan.

Tokioda epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli Olimpiada oldidan kiritilgan favqulodda vaziyat rejimi 31 avgustgacha uzaytirildi. Bu rejim umumiy ovqatlanish joylarida alkogol sotilishiga taqiqlovni va ommaviy tadbirlarga tomoshabinlar qo‘yilishiga cheklovni ko‘zda tutadi. Shu sababli Tokiodagi Olimpiada tomoshabinlarsiz o‘tdi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top