21:18 / 13.08.2021
25638

APL qaytmoqda. «Siti» yana chempionmi?

Bugun futbol bo‘yicha Angliya chempionati ham start olmoqda.

Angliya Premer-ligasining birinchi turi 13 avgust kuni start oladi. Ochilish o‘yinida Chempionshipdan chiqqan debyutant «Brentford» o‘z maydonida «Arsenal»ni qabul qiladi. Angliyada yangi futbol mavsumi 7 avgust kuni Superkubok bahsi bilan ochilib bo‘lgan, unda «Lester» «Manchester Siti»ni 1:0 hisobida yenggandi.

APL reglamenti va formati
Liganing 20 jamoasi o‘zaro bitta uyda va bitta safarda o‘yin o‘tkazadi — har bir jamoa mavsum davomida jami 38 o‘yinda maydonga tushadi. Chempion 38 tur yakunida jamg‘arilgan ochkolar soniga qarab aniqlanadi. Agar ikki yoki undan ortiq jamoa bir xil sonda ochko jamg‘arsa, o‘rinlar quyidagi ko‘rsatkichlarni inobatga olgan holda taqsimlanadi:

— umumiy to‘plar nisbati;
— urilgan gollarning umumiy soni;
— o‘zaro o‘yinlarda to‘plangan ochkolar;
— o‘zaro o‘yinlardagi gollar farqi.

Yuqoridagi barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha teng kelinsa, jamoalar o‘rtasida neytral maydonda qo‘shimcha pley-off o‘yini o‘tkaziladi (faqat chempionlikka yoki yevrokubok o‘rinlari uchun da'vogarlar).

Mavsum yakunlariga ko‘ra to‘rt jamoa Chempionlar ligasi guruh bosqichi uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Beshinchi o‘rin sohibi va Angliya Kubogi g‘olibi UYeFA Yevropa Ligasi guruh bosqichida o‘ynaydi. Angliya ligasi kubogi g‘olibi UYeFA Konferensiyalar ligasi pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Agar Angliya Kubogi va Liga Kubogi finallarida APLda 1-5-o‘rinlarni egallagan jamoalar g‘olib chiqqan bo‘lishsa, yevrokuboklar uchun yo‘llanmalarni chempionatning oltinchi va yettinchi jamoalari qo‘lga kiritadi.

Eng kam ochko jamg‘argan uch jamoa chempionshipga tushib ketadi. Keyingi mavsumda ularning o‘rnini quyi divizionning birinchi va ikkinchi jamoalari hamda 3-6-o‘rinlar egalari o‘rtasidagi mini-turnir g‘olibi egallaydi.

Angliya Premer-ligasi, 2021-2022 yilgi mavsum
Jamoalar
2020/21 yilgi mavsum yakunida APLni «Fulhem», «Vest Bromvich» va «Sheffild Yunayted» tark etdi. Ularning ligadagi o‘rnini Chempionshipda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni olgan «Norvich» hamda «Uotford», shuningdek, pley-off o‘yinlari g‘olibi bo‘lish orqali o‘z tarixida ilk bor APLga yo‘llanma olgan «Brentford» egalladi.

  • «Kristal Pelas»
  • «Tottenhem»
  • «Lids»
  • «Arsenal»
  • «Uotford»
  • «Vest Hem»
  • «Byornli»
  • «Manchester Yunayted»
  • «Nyukasl»
  • «Brentford»
  • «Chelsi»
  • «Manchester Siti»
  • «Lester»
  • «Aston Villa»
  • «Vulverhempton»
  • «Liverpul»
  • «Sauthempton»
  • «Brayton»
  • «Everton»
  • «Norvich»

To‘purarlar
APLda to‘purarlar poygasida asosiy favorit — «Tottenhem» forvardi Harri Keyn, u o‘tgan mavsumda 23 gol urib, bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgandi. «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh undan bitta kam gol urgan (22). 2020/21 yilgi mavsum to‘purarlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni «Manchester Yunayted» a'zosi Brunu Fernandesh egallagan. Lekin portugaliyalik yarimhimoyachi 18 goldan 9tasini penaltidan urgan.

Transferlar

Angliyada mavsumlar oralig‘idagi eng shov-shuvli transfer yarimhimoyachi Jyek Grilishning «Aston Villa»dan «Manchester Siti»ga o‘tishi bo‘ldi. Ingliz nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 100 million funtdan ortiqroqni tashkil qilgan.

Shuningdek, Manchesterning yana bir klubi transferlar bozorida shov-shuv ko‘tardi. «MYu» Dortmundning «Borussiya» klubidan 21 yoshli vinger Jyeydon Sanchoni nihoyat sotib oldi. Transfermarkt.com portali ma'lumotiga ko‘ra, angliyaliklar bu futbolchi uchun 85 million yevro to‘lashgan. «Qizil iblislar» mudofaasi uchun Madridning «Real» klubidan fransiyalik himoyachi Rafael Varan chaqirilgan.

«Yunayted»dan tashqari, «Tottenhem», «Arsenal» va «Liverpul» klublari o‘z mudofaa chiziqlarini mustahkamlashgan. «Shporlar» «Atalanta»dan 23 yoshli himoyachi Kristian Romeroni 50 million yevroga sotib olishdi, «kanonirlar» Ben Uayt uchun «Brayton»ga qariyb 60 million yevro to‘lashdi. Liverpulliklar esa 22 yoshli fransuz Ibraima Konateni «Leypsig»dan sotib olishdi.

Tajribali forvard Denni Ings ham klubini o‘zgartirdi, o‘tgan mavsumda «Sauthempton» uchun APLda 12 gol urgan 29 yoshli hujumchi «Aston Villa» bilan uch yillik shartnoma imzoladi.

APL 2021-2022: o‘yinlar taqvimi
Chempionatning ilk turi 13-15 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Yangi mavsumni «Brentford» va «Arsenal» boshlab beradi. Yakshanba kuni 1-turning markaziy uchrashuvi, yangi bosh murabbiy Nunu Eshpiritu Santu boshqaruvidagi «Tottenhem» va amaldagi chempion «Manchester Siti» o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Birinchi tur o‘yinlari taqvimi:
13 avgust
«Brentford» — «Arsenal» (00:00)

14 avgust
«Manchester Yunayted» — «Lids» (16:30)
«Byornli» — «Brayton» (19:00)
«Lester» — «Vulverhempton» (19:00)
«Uotford» — «Aston Villa» (19:00)
«Chelsi» — «Kristal Pelas» (19:00)
«Everton» — «Sauthempton» (19:00)
«Norvich» — «Liverpul» (21:30)

15 avgust
«Nyukasl» — «Vest Hem» (18:00)
«Tottenhem» — «Manchester Siti» (20:30)

Angliya chempionatining o‘tgan mavsumida kim chempion bo‘lgandi?
2020/21 yilgi mavsumda g‘oliblik 38 o‘yinda 86 ochko jamg‘argan «Manchester Siti»ga nasib etgandi. Pep Gvardiola shogirdlari eng yaqin ta'qibchisi «Manchester Yunayted»ni 12 ochkoga ortda qoldirgan, uchinchi o‘rinni «Liverpul» egallagandi (69 ochko).

1995/96 yilgi mavsumdan buyon ilk bor Londonning «Arsenal» klubi yevrokuboklarga chiqa olmagan, Arteta shogirdlari 61 ochko bilan APLda sakkizinchi bo‘lishgandi.

Statistika va rekordlar
APLning eng sovrindor jamoasi «Manchester Yunayted» hisoblanadi, bu jamoa 1993 yildan 2013 yilga qadar 13 bor chempionlikka erishgan. Barcha mavsumlarda «MYu» 1114 o‘yinda 687 marta g‘alaba qozongan. Shuningdek, «qizil iblislar» uy o‘yinlarida eng yirik hisobdagi g‘alabalarni nishonlashgan — 9:0 (1995 yil martida «Ipsvich Taun»ga qarshi va 2021 yil fevralida «Sauthempton»ga qarshi).

Londonning «Arsenal» klubi bir mavsum davomida umuman yutqazmagan yagona jamoa hisoblanadi. 2003/04 yilgi mavsumda Arsen Venger jamoasi 26 g‘alaba va 12 bor durang qayd etib, 90 ochko jamg‘argan holda chempionlikni nishonlagandi.

Bir mavsumda to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha rekord natija «Manchester Siti»ga tegishli — 2017/18 yilgi mavsumda 100 ochko. APLda bu boradagi antirekordni 2007/08 yilgi mavsumda atigi 11 ochko jamg‘argan «Derbi Kaunti» qayd etgan, bu jamoa 38 o‘yindan faqat bittasida g‘alabaga erishgandi.

Premer-ligada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi Garet Berri hisoblanadi, u 1998 yildan 2018 yilgacha 653 marta maydonga tushgan. Eng ko‘p mavsum o‘tkazish bo‘yicha rekord esa «Manchester Yunayted» afsonasi Rayan Giggzga tegishli — 22 mavsum.

APLda gol urish bo‘yicha rekordchi — Alan Shirer (441 o‘yinda 260 gol). Hozirda ham premer-ligada faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida unga eng yaqin futbolchi «Tottenhem» forvardi Harri Keyndir (245 o‘yinda 166 gol). Golli uzatmalar soni ko‘pligi bo‘yicha rekord Rayan Giggzda — 162. APLda eng ko‘p o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlagan darvozabon Petr Chex (202).

«Liverpul» forvardi Muhammad Saloh 38 o‘yinlik mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi — 32 gol (2017/18). 42 o‘yindan iborat mavsumlarda Endi Koul («Nyukasl», 1993/94) va Alan Shirer («Blekbern», 1994/95) 34tadan gol urishgan.

Top