21:27 / 20.08.2021
19463
Qariyb 2 ming kishi Afg‘onistondan O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilindi - TIV

O‘zbekiston Afg‘onistondan evakuatsiya ishlarini tashkil etgan qator davlatlarga aeroport va logistika xizmatlarini ko‘rsatdi. O‘zbekistonga qochib o‘tgan 150 nafar afg‘on fuqarosi vataniga qaytarildi.

O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonda davom etayotgan murakkab vaziyat tufayli xorijiy davlatlarning murojaatlari asosida ularning fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishda yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, hozirgi vaqtda Germaniya, Rossiya, AQSh, Shveytsariya, Avstriya, Daniya, Polsha, Vengriya, Slovakiya va Qozog‘iston kabi davlatlarga O‘zbekiston havo kengligi va aeroport infratuzilmasidan foydalanishga ruxsat berilgan hamda ularga zarur texnik va logistik xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi bir necha kun ichida O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistondan 1982 nafar xorijlik fuqaro evakuatsiya qilingan.

Shuningdek, rasmiylar O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolari masalasida “Tolibon” bilan muzokaralar olib borgan.

“Tolibon” rahbariyati vakillari bilan ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta'qiblarning oldini olish bo‘yicha kelishuvlar natijasida 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi o‘z xohishi bilan vataniga qaytarildi.

Afg‘onistonga qaytgan fuqarolardan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan rasmiy protsessual choralar ko‘rilgandan so‘ng, ularning hammasi uylariga qo‘yib yuborilgan va hozirda ular o‘z oilalari bag‘rida to‘liq xavfsiz holda bo‘lib turibdi”, – deyiladi TIV axborotida.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Kobuldan evakuatsiya qilinayotgan diplomatlar va xorij fuqarolari uchun O‘zbekiston “Toshkent-3” aeroporti terminalini ajratgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top