16:56 / 24.08.2021
17095
Jarohat sportdan ayirgan Gulnoza: u oyoqqa turishdan umidini uzmagan

Farg‘ona shahridagi Nafosat mahallasida nafosatli sport turi – gimnastikada yoshligidanoq muvaffaqiyat qozongan qiz yashaydi. U bir vaqtlar sport gimnastikasi bo‘yicha yoshlar musobaqasida xalqaro turnirlarda sovrindor bo‘lgan. Ammo sportchining dushmani bo‘lmish jarohat qahramonimizni ham chetlab o‘tmadi...

Gulnoza Kamolova 22 yoshda. Uning to‘shakka mixlanib qolganiga 8 yil bo‘ldi. Sportchi Germaniya va Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirlarda O‘zbekiston jamoasi safida bronza medalini olgan.

U Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotib, yiqilgan va nogiron bo‘lib qolgan. Eng achinarlisi, 2013 yil 14 avgust kuni balandlikdan qulagan gimnastikachi 2 sentyabr kuni Yaponiyaga uchib ketishi kerak edi. Gulnoza mash'um voqea yuz bergan vaqtda 14 yoshda bo‘lgan.

Sportchi 8 yildan buyon bir joyda, yura olmaydi. U gimnastika o‘yinlarini endi faqat televizorda ko‘rmoqda. Nogironlar aravachasida biroz sayr qilgani chiqib ham tez toliqib qoladi.

«6 yoshimdan sport gimnastikasiga qatnay boshlaganman. Murabbiy o‘shanda meni ko‘rib: «Sendan sportchi chiqmaydi», degan. Sportga qiziqqanim uchun o‘z ustimda ishlab, katta musobaqalarga chiqqanman. Toshkent, Navoiydagi musobaqalarda, «Umid nihollari»da 1-o‘rinni olganman. Germaniya va Rossiyadagi musobaqalarda bronza medali olganman.

Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotganimda, turnikdan yiqilib, bo‘ynim sinib qolgan. 2014 yil Rossiyada davolanib keldim, 2016 yil yana Turkiyada operatsiya bo‘ldim, lekin o‘zgarish bo‘lmadi. Ertangi kunga hali-hanuz ishonch ko‘zi bilan qarayman. Tuzalib ketsam, sport murabbiyi bo‘lmoqchiman», deydi Gulnoza.

Sportchi uy ichida zerikkanida nogironlar aravasida sayr qiladi. Tomoshabin to‘la maydonlarda yelib-yugurib o‘yin namoyish qilgan onlarini qo‘msaydi. Tezroq tuzalib, yana katta arenalarga qaytishni orzu qiladi. U oyoqqa turib ketishidan umidini uzgani yo‘q...

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top